Toshkentda o'tgan "Lokomotiv" va "Dinamo" (2:1) o'rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashdi va savollarga javoblar qaytardi.
- Haqqoniy mag'lubiyat bo'ldi. Afsuski, birinchi bo'limdayoq kuchimiz yetishmayotgani sezildi. Buni hatto qizish mashqlari paytida ham ko'rish mumkin edi — jamoa bu o'yinga to'liq tayyor emasligi bilinib turardi.
O'yin haqida gapiradigan bo'lsak, darvozabonning xatosi orqali gol urdik va hammasi yaxshi ketayotgan edi, degandik. Ammo keyin o'zimizning juda oddiy xatolarimiz tufayli ikki marta gol o'tkazib yubordik.
Ikkinchi bo'limda esa, ochig'ini aytsam, jamoamizda hujum qilishga kuch qolganidan hayron bo'ldim. Gol ham urdik, lekin uni bekor qilishdi. Keyin surishtirsam, avval darvozabonga nisbatan qoida buzarlikni tekshirishgan, keyin esa bunday holat bo'lmaganini aytishdi. Shundan keyin to'p qo'lga tekkanini topishdi.
Ammo 83-daqiqada "Lokomotiv" himoyachisi xavfli hujumimizni qo'li bilan to'xtatdi. Afsuski, VAR bu holatni ko'rmadi. Shunday vaziyatlar ham bo'lib turadi. Ba'zan VAR senga yordam beradi, ba'zan esa sening zarariga ishlaydi.
Qanday bo'lmasin, "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman. Ular tiklanish uchun bizga nisbatan ikki kun ko'proq vaqtga ega bo'lishdi. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.
- G'alabalar seriyasidan keyingi bu mag'lubiyat og'ir kechdimi? Xojimirzayev va Amonovning yo'qligi jamoaga qanchalik ta'sir qildi?
- Albatta, zaxira o'rindig'imiz ancha qisqarib qoldi. Bu ob-havoda maydonga tushayotgan futbolchilarning yuki ikki baravar oshadi. Bundan tashqari, oldingi o'yinda juda ko'p kuch va his-tuyg'u sarfladik, ko'p yugurdik. Keyin tiklanish, safar ham bo'ldi. Bularning barchasi o'z ta'sirini ko'rsatdi.
Hech qaysi jamoa doim g'alaba qozonavermaaydi. Albatta, ikki o'yinda to'rt ochko yo'qotganimiz alamli. Endi esa tiklanishimiz kerak. Keyingi o'yinga qadar bir hafta vaqt bor. Yigitlarga ikki kun dam beramiz va keyin tayyorgarlikni boshlaymiz.
- "Lokomotiv" asosiy darvozaboni qizil kartochka olganidan keyin taktik rejalarni o'zgartirdingizmi?
- Ha, albatta. Asosiy darvozabon o'ynaganda u hujumlarni boshqarishda ham muhim vazifani bajarardi. Shuning uchun biz bunga tayyorlangan edik. U maydonga tushmaganidan keyin raqibning boshqacha o'ynashini bilardik. Shu sababli futbolchilarga ko'proq uzoqdan zarba berish vazifasini qo'ygan edik. Lekin o'yin shunday kechdiki, darvoza tomon atigi bir marta zarba berdik. Shu jihatdan futbolchilarimga e'tirozim bor. Zarba berish mumkin bo'lgan vaziyatlarda ham ular boshqa yechim qidirishdi.
- Jamoangiz hozir ham kuchli raqiblar bilan tengma-teng o'ynayapti. Buning siri nimada?
- Avvalo, rahbariyatga rahmat aytmoqchiman. Ular futbolchilar oldidagi qarzlarning asosiy qismini to'lashga muvaffaq bo'lishdi. Mayda qarzlar qolgan, lekin ular ham yaqin vaqtda hal bo'ladi, deb o'ylayman. Albatta, tarkibni shakllantirish bilan bog'liq muammolarimiz bor. Zaxiramiz qisqardi, bir nechta futbolchi jarohat oldi, ayrimlari jamoani tark etdi.
Hozir ularning o'rnini bosadigan futbolchilarni izlayapmiz. Ro'yhatga olish oynasi yopilishiga uch kun qoldi. Ilgari bu haqda o'ylamagan edik, ammo hozirgi vaziyat tufayli tarkibni kimlar bilan kuchaytirish mumkinligini ko'rib chiqyapmiz.
- Himoyadagi xatolar haqida nima deysiz?
- Bu yerda izohning o'zi ortiqcha. Otkazib yuborgan gollarimiz pozitsion xatolar oqibati bo'ldi. Bu esa charchoq va diqqatning susayishi bilan bog'liq. Siz to'g'ri aytdingiz, bu birinchi bo'limdayoq sezildi. Inson charchaganda maydonda tez va to'g'ri qaror qabul qilish qiyinlashadi. Bu xatolar ham aynan shundan kelib chiqdi. Qizish mashqlaridayoq futbolchilarda odatdagidek yengillik va tetiklik yo'qligini ko'rgandim. Keyinroq biroz ochilishdi, ammo bu ko'proq hisob bilan bog'liq edi. "Lokomotiv" natijani ushlab qolishga harakat qildi, biz esa oldinga o'tdik. Lekin jismoniy jihatdan biz ustun edik, deb ayta olmayman. Kuch yetishmayotgani aniq ko'rinib turdi.
- Ulug'bek Xoshimovni ijaraga qo'yib yuborganingiz haqida nima deysiz? U "Xorazm"da gollar uryapti…
- Ha, biz unga yordam berishni istadik. Bizda uning o'yin amaliyoti bo'lmasdi. Bunday futbolchini zaxirada ushlab turish ham to'g'ri emas. U bizga kelganida juda yaxshi boshlagan edi. Keyin turli sabablarga ko'ra o'yin amaliyoti kamaydi. Futbolchi muntazam o'ynamasa, har qanday kasb egasi kabi mahorati ham pasayadi. Shuning uchun boshqa jamoaga borib ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishiga imkoniyat berdik. Amonov va Xojimirzayevning jarohat olishini oldindan bilmaganmiz. Agar ular safda bo'lganida ham o'sha futbolchiga imkoniyat kam bo'lardi. Yosh futbolchilarimiz ham bor. Endi mavjud tarkib bilan ishlaymiz.
- Rustam Turdimurodov bilan muzokaralar ketyaptimi?
- Ha, muzokaralar olib boryapmiz. "Paxtakor" bilan kelishuvga erishdik. Endi hammasi futbolchining o'z qaroriga bog'liq — kelishni istaydimi yoki yo'q.
- Legionerlar bilan bog'liq moliyaviy muammolar keyinchalik FIFA sanksiyalariga olib kelmaydimi?
- Yo'q, legionerlar bilan barcha masalalarni kelishib oldik. Ular ketishidan oldin hamma da'volarini hal qildik. Shuning uchun bu borada muammo bo'lmasligi kerak, deb o'ylayman.
- Jamoa markaziy himoyani yanada kuchaytirish uchun transfer qiladimi?
- Yo'q. Aslida himoyachilarimizga ikkinchi davrada jiddiy e'tirozim yo'q. Bugungi o'yin istisno bo'ldi. Oddiy xatolarga yo'l qo'ydik. Menimcha, bu ham charchoq bilan bog'liq. Mavsumni hozirgi tarkib bilan yakunlaymiz. Asosiy muammo hujum chizig'ida bo'lishi mumkin. Yoshlar terma jamoasi yig'ini boshlangach, Abdurahmonov va Nurmatjonov ham ketadi. Agar ular ham bo'lmasa, hujumda tanqislikka duch kelamiz.
- Anvar Xojimirzayev haqida fikringiz. Klubda yetakchilardan biri, ammo milliy jamoada o'zini ko'rsata olmayapti. Buning sababi nimada?
- Bu savol menga ko'p beriladi. Lekin bu milliy jamoa bosh murabbiyining vakolatiga kiradi. Men bu haqda fikr bildirishim to'g'ri emas. Mavsum boshida milliy jamoada bo'lgan besh nafar futbolchimiz yig'indan keyin qaytishdi. Biz esa qishki tayyorgarlikni ularsiz o'tkazgan edik. Keyin ularni tarkibga moslashtirishga to'g'ri keldi. Bu ham jamoaga ma'lum qiyinchiliklar tug'dirdi", - deya Vadim Karlenovichning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.