Live
1
O'zbek

Temur Kapadze: “Hozirgi tarkib bilan oldimizga qo'yilgan vazifani bajarsak bo'ladi”

Eksklyuziv
7 avgust, 15:01
“Navbahor” bosh murabbiyi “Surxon”ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Temur Kapadze: “Hozirgi tarkib bilan oldimizga qo'yilgan vazifani bajarsak bo'ladi”
Фото: Навбаҳор ПФК
07.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Surxon Surxon 0 : 1 Navbahor Namangan Navbahor Namangan

Superliganing 16-turida “Navbahor” o'z uyida “mehmon” sifatida “Surxon”ga qarshi maydonga tushdi. O'yin 1:0 hisobida namanganliklarning foydasiga hal bo'ldi. Jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze odatdagidek matbuot anjumanida qatnashdi.

- Birinchi navbatda hozirgina xabarim bo'ldi, “Navbahor” muxlislarining oldingi raisi Abdulla aka vafot etibdi, ta'ziya bildiramiz. Joyi jannatdan bo'lsin, jamoaning ashdadiy muxlislaridan biri edi. Stadionga kelib shu narsa bo'libdi, jamoa nomidan ta'ziya bildiramiz. O'yinga kelsak, qiyin uchrashuv bo'ldi. “Surxon” hech kimga osonlikcha taslim bo'lmayapti. Har bir jamoa bilan kurashyapti. To'p bilan yaxshi muomala qiladi. Tayyorlanib keldik. O'tgan o'yindagi 5 ta goldan keyin futbolchilarga tushuntirishga harakat qildim. Albatta, o'ziga ishonch va biroz bo'shashib qolish ehtimoli bor edi. Ularga qiyin uchrashuv kutayotganini tushuntirdim va amalda ham shunday bo'ldi. Imkoniyatlarimiz bo'ldi, gollar urganimizda osonroq bo'lardi. Asosiysi, g'alaba qozondik, ularni xursand qildik. Rostdan zo'r qo'llab turishdi. Ikkala jamoa kurashdi. Qiyin vaziyatlar ham bo'ldi. Muxlislar yaxshi dalda berishdi. Muxlislar balki ko'proq gollar kutishgandir, ammo 1:0 bo'ldi, mayli nasib. Asosiysi, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.

- So'nggi uchta turda asosiy tarkibga tegmadingiz. Buni qanday izohlaysiz?

- Qaerdadir jarohati bo'lsa yoki yaxshi o'yin ko'rsatmasa baribir qaraysiz. Ritmda yaxshi ketyapti. O'tgan uchrashuvda ham yaxshi o'ynashdi. Shuning uchun tarkibga tegmadik. Yaxshi futbolchilarni jamlaganmiz. Bir-biriga munosib. Ular bir-biriga moslashib ketishgani uchun tavakkal qilmadik. Keyingi uchrashuvlarga qaraymiz. O'yindan-o'yinga charchoqlar bo'ladi. O'tgan o'yindan keyin bugungi bahsda ko'p futbolchilarda charchoq sezildi. Kim boshlang'ich tarkibda, kim zaxiradan tushgan bo'lsa ham yaxshi harakat qildi. Albatta, xatolar bo'ldi. Qandaydir xavotirli joylari bo'ldi. Ishonchliroq o'ynasa bo'lardi. Buni tushunamiz, futbolni ichidamiz, bu holat bo'lib turadi. Tahlil qilish uchun yaxshi o'yin bo'ldi. Ayrim joylarda yaxshiroq o'ynasak bo'lardi.

- Transfer oynasi hali ochiq. Tarkibda yana yangi o'yinchilar paydo bo'lishi mumkinmi?

- Yana qarayotgandik, ayrim futbolchilarni olish niyatimiz ham bor edi. Ularni shartnomasi borligi uchun qiyin vaziyat bo'lyapti. Lekin tarkib yaxshi shakllangan. Hozirgi kunda shu tarkib bilan oldimizga qo'yilgan vazifani bajarsak bo'ladi.

- Abdulla Abdullayevni qachon tarkibda ko'ramiz?

- Kutyapmiz, u ham jamoaga katta kuch bag'ishlaydi, darajasini yaxshi bilamiz. Individual harakat qilyapti. Milliy jamoa safida Portugaliyaga qarshi uchrashuvda jarohat olgandi. Ancha vaqt o'tdi, asta-sekin qo'shiladi.

- Birinchi davrada Toshkentda o'ynab yurgan paytlarda tezroq Namanganga qaytishni xohlayotganingizni, bu boshqacha bo'lishini aytardingiz. Jamoa bilan qaytgach, siz kutgandek bo'lyaptimi?

- Albatta, bu boshqacha muhit. O'zimizning muxlislar qarshisida o'ynash, ularni olqishlari va aurasini sezish yoqimli. Futbolchilarga yaxshi kuch, kayfiyat, ishonch bag'ishlayapti. Tushunib turibmiz, bu futbol va hamma narsa bo'lishi mumkin. Muxlislar uchun o'ynaymiz. Har bir g'alabada biz bilan sherik bo'lib xursand bo'lishayotgani ajoyib. Shuncha ishqiboz kelyapti, bu bayram. Biz bilan birga har bir epizodda kurashishyapti, siqilishyapti, biz uyda. Hammasi yaxshi va shunaqa g'alabalar bilan ularni xursand qilyapmiz. Xudo xohlasa, davom etamiz. Bu mas'uliyatni ham o'zimizga olganmiz. “Navbahor” muxlislari bunga loyiq. Ularga rahmat aytaman. Ashaddiy ishqiboz har doim jamoasi yonida turishadi. Keyingi o'yinlarda ham ularni xursand qilishga harakat qilamiz”, - deya Kapadzening so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Surxon Surxon
  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar