Bugun Superligada 16-tur bahslari davom ettirildi. "Surxon" klubi Namanganda nominal mezbon sifatida maydon egalari – "Navbahor"ni "qabul qildi".
Stadion to'la muxlislar bilan o'tgan o'yinda termizliklar 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchrashdi. Garchi "Surxon" futbolchilari raqibga munosib qarshilik ko'rsatganiga qaramasdan tablodagi hisob o'zgarmasdan qoldi.
Uchrashuv yakunlangach, termizliklar bosh murabbiyi Anvar G'ofurov matbuot anjumanida fikrlarini aytib o'tdi.
- O'yin juda qiziqarli, tomoshabop o'tdi, deb o'ylayman. "Navbahor" yaxshi jamoa va yaxshi murabbiyga ega. O'ziga yarasha o'yin sur'ati bor, xuddi shunday bizda ham. O'z o'yinimizni ko'rsatishga harakat qildik. Balki butun uchrashuv davomida o'xshamagan bo'lishi mumkin. Yigitlarga e'tiroz juda kam. Chunki maydonda ko'p mehnat qilishdi, katta kuch sarfladilar. Yaxshi o'ynashdi, deb o'ylayman. Qolganini PFLdagilar hal qilishadi.
- Birinchi savolim: jamoaga nima yetishmadi, deb o'ylaysiz? Ikkinchi savolim: Behruz Karimovni o'rni yaqqol bilinayapti...
- Albatta, o'ylaymanki, jahon chempionatidan keyin jamoamizda baribir o'zgarishlar bor. Ko'p futbolchilar jamoani tark etdi, bu o'z yo'liga. Bizda yoshlari chiqib kelishyapti va ularga imkoniyat berilyapti. Bugungi tarkib bo'yicha bizda futbolchilarga katta yuklama tushyapti. Deyarli 4 ta o'yindan beri rotatsiya qilganimiz yo'q. Baribir futbolchilarda charchoqlar bilinadi. Talablar ham o'ziga yarasha. Shu o'yinda rotatsiya qilishga harakat qildik. Yoshlarga imkoniyat berildi va o'zlarini yaxshi tarafdan ko'rsatishdi. Ko'p vaziyatlarda menga juda ma'qul bo'ldi. Kelasi uchrashuvlarda ham rotatsiyaga qo'l urishimiz kerak bo'ladi. Chunki mavsum juda zich. Har bir jamoada rotatsiya bo'ladi, bu kerakli narsa. Agar sizda zaxira o'rindig'ingiz keng bo'lsa juda yaxshi. Butun jamoaga katta rahmat. Yoshlari yaxshi taassurot qoldirishdi.
- Ko'pchilik "Surxon"ni tanqid qilayapti. Ancha muddatdan beri o'z uyida o'ynamayapti. Uyga borishni xohlamayapti, degan gaplar ham bo'layapti. Termizliklar uchun "Surxon" ishtirokidagi uchrashuv katta mashaqqat tug'diryapti. Aslida Surxondaryodagi vaziyat qanaqa?
- Mamlakatimizda qo'shtirnoq ichida shunaqa gaplar gapiradigan aqllilar ko'p. Stadionimiz maydoni tayyor bo'lmaganidan keyin qaerda o'ynaymiz? Biz ham yaxshi maydonda o'ynashni xohlaymiz. Bugun o'z uyimizda o'ynashimiz kerak edi. Uyimizda 5-10 ming muxlisimiz qo'llab-quvvatlovi ostida o'ynaganimiz ma'qulmi yoki Namanangan kelib butun stadion "Navbahor"ga muxlislik qiladigan stadionda o'ynagan ma'qulmi? Bunga ko'p aql kerak emas. Har xil gap-so'zlarni gapiradiganlar ko'p. Lekin vaziyatga to'g'ri qaralsa, biz ham uyimizda o'ynagimiz keladi, 100 foiz. Uyda devorlar yordam beradi, deyadigan gap bejiz emas. Buni men o'ylab topganim yo'q. Bu gaplar qancha yillardan beri o'z tasdig'ini topyapti. Aqlli insonlarga aytaman, O'zbekiston bo'yicha eng issiq joy Termiz bo'lsa kerak. Buni inobatga olishimiz kerak. Mana, Toshkentda "Paxtakor" maydoni uch oyda nima bo'lganini ko'rdinglar. Lekin Termizda bundan ham issiq. Bu normal holat. Uyimizda muxlislarimiz ko'z o'ngida yaxshi kayfiyatda o'ynash bizga ham yoqadi. Kimga yoqmas ekan? Lekin yuqoridagi gap-so'zlar keraksiz, ma'nosi ham yo'q-da. O'z maydonimiz tayyor bo'lmagandan keyin bir ilojini qilishimiz kerakmi? Nasib qilsa, endi keyingi uyidagi o'yinimizni Toshkentda o'tkazamiz. Lekin bu ham bizni uyimiz emas. Maydon tayyor bo'lganida aniq Termizda o'ynardik.
- Termizdagi stadion maydonini tayyorlash bo'yicha qay darajada ishlar olib borilyapti?
- Albatta, bo'lyapti. Lekin bu bir kunda bo'ladigan narsa emas. "Paxtakor"ni qarang, qancha pul sarflangan? Uch oyda ketdi. Sovuqqonlik bilan to'g'ri fikrlab buni qabul qilish kerak. Reytinggi oshishi uchun har xil gaplarni gapirishadi. Ammo bunda ma'no yo'q", - deya G'ofurovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Anvar G'ofurov: "Uyda devorlar yordam beradi, deyadigan gap bejiz emas. Buni men o'ylab topganim yo'q"
Eksklyuziv
7 avgust, 14:01
"Surxon" ustozi jamoasining mag'lubiyatiga izoh berdi.
Фото: Андижон ПФК
07.08.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Surxon
0
:
1
Navbahor Namangan