"Real" bosh murabbiyi Joze Mourinyo yangi mavsum oldidan jamoada ichki tartib-qoidalarni jiddiy o'zgartirdi. Ispaniyaning AS nashri xabariga ko'ra, portugaliyalik mutaxassis mashg'ulotlardan tashqari hayotga ham qat'iy nazorat o'rnatib, ovqatlanish, intizom va jarohatdan tiklanish jarayonlariga yangi talablar kiritgan.
Manba ma'lumotiga ko'ra, Mourinyo Valdebebas bazasidagi muhitni tahlil qilgach, futbolchilarga ortiqcha erkinlik berilgan, degan xulosaga kelgan. Shuning uchun u birinchi navbatda jamoaviy muhitni mustahkamlashga e'tibor qaratgan. Endi futbolchilar va murabbiylar shtabi tushlikni birga qiladi. Bu amaliyot avval muntazam bo'lmagan, ammo Mourinyo uni jamoaviy birlikni kuchaytirishning muhim qismi deb hisoblaydi.
ASʼning ta'kidlashicha, klubda ovqatlanish tizimi ham tubdan o'zgargan. Endi dietolog maslahatchi emas, balki asosiy qaror qabul qiluvchi hisoblanadi. Nonushta va yengil ovqatlanish menyusi qat'iy tartibda belgilanadi va futbolchilarning shaxsiy xohishi emas, sport natijasi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Intizomga nisbatan yondashuv ham yangilangan. Avvalgidek moliyaviy jarimalar qo'llanilmaydi. Agar futbolchi mashg'ulotdan oldin bazaga bir soat erta yetib kelmasa, u jamoadan alohida tarzda majburiy tarzda sport zalda shug'ullanadi. Bu qoida barcha uchun bir xil bo'lib, hech qanday istisnolar ko'zda tutilmagan.
Jarohatdan tiklanish jarayoni ham to'liq klub nazoratiga o'tkazilgan. Futbolchilar shaxsiy murabbiylar bilan ishlashi mumkin, ammo barcha tiklanish mashg'ulotlari ertalab va kechqurun Valdebebas bazasida o'tkaziladi. ASʼning yozishicha, Mourinyo tiklanish jarayonini ham jamoaviy ishning bir qismi deb hisoblaydi va uni maksimal darajada nazorat qilish tarafdori. Nashrning qayd etishicha, yangi qoidalar hozircha kiyinish xonasida salbiy munosabat uyg'otmagan va jamoadagi muhit sezilarli darajada yaxshilangan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi