Bugun
16
O'zbek

Ispaniya Superkubogi o‘yinlari Istanbulda o‘tishi mumkin

Futbol
7 avgust, 16:42
Saudiya Arabistonida Osiyo kubogi o‘tkazilishi sababli Turkiya asosiy nomzodga aylangani xabar qilinmoqda.
Ispaniya Superkubogi o‘yinlari Istanbulda o‘tishi mumkin
Foto: Getty images

2027 yildagi Ispaniya Superkubogi Saudiya Arabistoni o‘rniga Istanbulda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning Sport nashri jurnalisti Alfredo Martinez ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, turnirni 2027 yil fevral oyining birinchi haftasida tashkil etish rejalashtirilgan. Saudiya Arabistonida 7 yanvardan 5 fevralgacha Osiyo kubogi bo‘lib o‘tishi sababli mamlakat Ispaniya Superkubogiga mezbonlik qila olmaydi. Shu bois Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) muqobil variantlarni ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, turnirning o‘tkazilish vaqtiga ham o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Avval u yanvar oyida o‘tkazilgan bo‘lsa, endi fevral oyining birinchi haftasida bo‘lib o‘tishi mumkin.

Nashrning ta'kidlashicha, musobaqaga mezbonlik qilish uchun Qatar ham da'vogarlaridan biri bo‘lgan. Biroq hozircha RFEF uchun eng maqbul variant sifatida aynan Istanbul ko‘rilmoqda.

2027 yildagi Superkubokda La Liga chempioni "Barselona", vitse-chempion "Real", Ispaniya kubogi sohibi "Real Sosyedad" hamda finalchi "Atletiko" ishtirok etadi. Yarim finalda "Barselona" – "Atletiko", "Real" esa "Real Sosyedad"ga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.

RFEFning Saudiya Arabistoni bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, federatsiya har yili Superkubokni ushbu mamlakatda o‘tkazish orqali taxminan 51 mln yevro daromad oladi. 2020 yildan buyon o‘tkazilgan yetti musobaqadan oltitasi Saudiya Arabistonida tashkil etilgan. Faqat 2021 yildagi bahslar pandemiya sabab Ispaniyaning Sevil'ya shahridagi "La Cartuja" stadionida bo‘lib o‘tgan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Ispaniya Superkubogi Ispaniya Superkubogi
Bugungi yangiliklar