Vilayam Saliba "Arsenal" ustidan qilingan hazillarga munosabat bildirdi.
Ushbu mavsumda London klubi 22 yillik tanaffusdan so'ng ilk bor Angliya chempioniga aylandi.
"Bizni uzoq vaqt masxara qilishdi. Hattoki birinchi o'rinda ketayotganimizda ham hamma ertami-kechmi qoqilishni aytardi. Bu — futbol. Agar odamlarning bunday munosabatini o'zgartirishni istasang, shunchaki g'alaba qozonishing kerak. Biz g'alaba qozondik va endi ular jim bo'lib qolishdi.
Kelganimdan keyingi birinchi mavsumda juda ajoyib futbol namoyish etgandik. Menimcha, aynan o'sha mavsumda chempionlikka eng ko'p munosib edik. Ammo odatdagidek ikkinchi o'rinni olganimiz uchun odamlar bizni masxara qilishdi.
Ikkinchi mavsumda ham yana ikkinchi bo'ldik. O'tgan mavsumda ham yaxshi o'ynadik, lekin yana ikkinchi o'rin bilan cheklandik. Bu mavsumda odamlarning biz haqimizda "faqat to'pni oldinga tepadigan jamoaga aylanib qolishdi" degan gaplariga qo'shilmayman. Biz ham futbol o'ynaymiz.
Ha, standart vaziyatlardan ko'p gol urayotganimiz rost — bu shunchaki aqlbovar qilmaydigan darajada. Ammo hozir Premyer-ligada barcha jamoalar uzun uzatmalardan, burchak to'plaridan va standart vaziyatlardan foydalanmoqda. Faqat biz emas. Shunchaki, biz standartlardan boshqalarga qaraganda ko'proq gol uryapmiz", — dedi Saliba L'Équipe nashriga bergan intervyusida.
Saliba: "Bizni uzoq vaqt masxara qilishdi. 1-o'rinda ekanligimizda ham ertami-kech qoqilishni aytishdi"
Futbol
7 iyun, 12:00
"Arsenal" himoyachisi jamoa avvalroq chempionlikka loyiq bo'lgani va standart vaziyatlardagi ustunlik haqida gapirdi.
Foto: Getty Images