Yevropa top chempionatlarida qator sensatsiyalar qayd etildi. APLda tarixiy jamoalar paydo bo'ldi, Fransiyada "Lans" kutilmaganda "PSJ"ga raqobatchilik taklif qildi va yakunda sovringa ega bo'ldi. Qolaversa, La Ligada kosovolik forvard Mbappe bilan to'purarlar poygasida kurashdi. Xullas, o'rtda qolgan mavsumning 7 ta muhim voqealariga e'tibor qaratamiz.
"Bornmut" va "Sanderlend" — evrokuboklarda

Ikkala jamoa ham chempionat orqali evrokuboklarga yo'llanma oldi: "Bornmut" 6-o'rinni, "Sanderlend" esa 7-o'rinni egalladi. Andoni Iraola shogirdlari oxirgi turgacha Chempionlar ligasi uchun kurashdi, ammo yakundagi ikki durang "Liverpul"ni quvib o'tishga imkon bermadi — mersisaydliklar atigi uch ochkolik ustunlik bilan oldinda qoldi.
Shunga qaramay, "Bornmut" mavsum oxirida 18 o'yinlik mag'lubiyatsiz seriya qayd etib, ligaga Rayyan va Junior Krupi kabi yosh iste'dodlarni taqdim etdi. Bu — APLdagi to'rtinchi mavsumini o'tkazayotgan jamoa uchun juda yaxshi natija.
"Sanderlend" esa Chempionshipdan to'g'ridan-to'g'ri evrokuboklarga yo'l oldi. Jamoa APLga ham pley-off orqali qaytgan edi. “Qora mushuklar” sakkiz yil davomida Premer-ligada o'ynamagan, hatto bir necha mavsum uchinchi divizionda ishtirok etgan.
Mavsum tugashiga ikki tur qolganida jamoa 12-o'rinda edi. Biroq "Everton" (3:1) va "Chelsi" (2:1) ustidan g'alabalar hamda raqiblarning ochko yo'qotishi keskin sakrashni ta'minladi.
Natijada, kelasi mavsumda Angliya nomidan kutilmagan jamoalar evrokuboklarda qatnashadi, "Chelsi", "Nyukasl" va "Tottenhem" esa bu safar chetda qoldi.
"Xetafe" va Xose Bordalas sensatsiyasi

Madrid atrofiga klub tarixida to'rtinchi bor evrokuboklarda ishtirok etadi — jamoa 7-o'rinni egallab, Konferensiyalar ligasiga yo'llanma oldi.
Mavsum boshida "Xetafe" pastki o'rinlar uchun kurashadi, deb taxmin qilingan edi. Sababi — tarkib qiymati bo'yicha ligada 18-o'rin va o'tgan mavsumdagi 13-pog'ona.
Biroq bosh murabbiy Xose Bordalasning qattiq intizomga asoslangan o'yin uslubi samara berdi. Jamoa La Ligada atigi 32 gol urdi (bu ko'rsatkich faqat so'nggi o'rindagi jamoadan yuqori), ammo 38 gol o'tkazib yubordi — bu esa faqat "Real" va "Barselona"dan yomonroq natija.
Shu bois, 62 yoshli mutaxassis mavsumning eng yaxshi murabbiyi sovriniga nomzodlardan biriga aylandi. Hozircha uning kelajagi noaniq — shartnoma 30 iyunda yakunlanadi.
APLda yangi yulduzlar: Igor Tiago va Antuan Semeno

Mavsumda faqat jamoalar emas, balki yangi nomlar ham porladi. Braziliyalik 24 yoshli Igor Tiago o'zining birinchi to'liq mavsumiyoq 22 ta gol urib, APL to'purarlari ro'yxatida ikkinchi o'rinni egalladi. Undan ko'proq faqat Erling Holand (27) gol urdi.
Barcha turnirlarda esa u 25 golga mualliflik qildi va Braziliya milliy jamoasi bilan jahon chempionatiga yo'l oldi. Antuan Semeno esa 17 gol bilan uchinchi o'rinni egalladi. U qishda "Manchester Siti"ga 72 mln yevro evaziga o'tib, yangi jamoada ham tez moslashdi — 27 o'yinda 11 gol va 3 assist.
"Lans" — Fransiyada tarixiy mavsum

Jamoa XXI asrdagi eng yaxshi natijasini takrorlab, Liga 1da ikkinchi o'rinni egalladi va chempionlik uchun oxirigacha kurashdi.
Qishda hatto ikki oyga yaqin peshqadam bo'lgan "Lans" keyinchalik "PSJ"ni o'tkazib yubordi. Mavsum oxiridagi bir qator muvaffaqiyatsizliklar chempionlik imkoniyatini yo'qqa chiqardi.
Biroq jamoa Fransiya kubogi finalida "Nitssa"ni 3:1 hisobida mag'lub etib, tarixda ilk bor ushbu trofeyni qo'lga kiritdi. Bu — klubning 120 yilligiga munosib sovg'a bo'ldi.
"Komo" — ilk bor Chempionlar ligasida

Italiyada "Komo" tarixiy natija qayd etdi. A Seriyaga 21 yillik tanaffusdan so'ng qaytgan klub ikkinchi mavsumidayoq 4-o'rinni egallab, ilk bor Chempionlar ligasiga chiqdi.
Sesk Fabregas shogirdlari mavsum davomida barqaror o'yin ko'rsatib, so'nggi turda hal qiluvchi g'alabani qo'lga kiritdi.
Jamoada asosan yosh legionerlar porlamoqda. Xususan, argentinalik Niko Pas mavsumning eng yaxshi yarimhimoyachisi deb topildi. Fabregasga esa talab yanada ortdi. Lekin ispaniyalik mutaxassis "Komo"da qolishga qaror qildi.
Vedat Muriki — omadsiz jamoada qahramon

"Malorka" chempionatni 18-o'rinda yakunlab, La Liganı tark etdi. Ammo jamoa hujumchisi Vedat Muriki mavsumning eng yorqin figuralaridan biriga aylandi.
Kosovolik 32 yoshli forvard 23 gol urib, jamoasining qariyb yarim gollariga mualliflik qildi. Hatto Kilian Mbappe bilan to'purarlik poygasida raqobat qildi. Fransiyalik futbolchi 25 ta gol urib, to'purarga aylandi. Lekin Murikining bunday raqobatlashishini hech kim kutmagandi.
"Hoffenhaym" — Germaniyadagi sensatsiya

O'tgan mavsumda ligada jon saqlab qolgan "Hoffenhaym" bu safar evrokuboklarda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi.
Jamoa mavsum davomida Chempionlar ligasi uchun kurashdi, ammo so'nggi pallada imkoniyatni qo'ldan chiqardi. Shunga qaramay, 5-o'rin va Yevropa ligasi yo'llanmasi katta yutuq hisoblanadi. Bu natija klubning so'nggi yillardagi eng yaxshi ko'rsatkichiga aylandi.