Live
1
O'zbek

"Istardimki, O‘zbekiston mundialda sensatsion natijalar qayd etsin" – Zaur Tedeev

Futbol
7 iyun, 07:27
Tedeyev Tribuna.uz muxbiriga intervyu berdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
"Istardimki, O‘zbekiston mundialda sensatsion natijalar qayd etsin" – Zaur Tedeev
Фото: Sport.ru

O‘zbekiston milliy jamoasining yakuniy ro‘yxatidan joy olgan futbolchilar qatorida debutant Sherzod Esanov ham borligini yaxshi bilasiz.

O‘zini haqli tarzda baxtli his qilayotgan ushbu yarim himoyachi darhaqiqat so‘nggi yillarda katta o‘sishga erishdi. Legioner sifatida tajribasini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, uning Rossiya Premer-ligasida "Akron" safida bir yil mobaynida faoliyat olib borgani ham uning ijobiy xislatlarini ochib berish uchun xizmat qildi.

O‘sha paytlarda "Akron"ga bosh murabbiylik qilgan Zaur Tedeev bilan Esanov borasida tez-tez gaplashib turardik va u Esanov haqida iliq fikrlarni bildirardi. Keyinchalik Tedeevning o‘zi ham "Akron"dan iste’foga chiqdi.

Bir yil davomida bizning futbolchimizga ustozlik qilish orqali uning saviyasi oshishiga xizmat qilgan mutaxassis uchun sobiq shogirdining mundialga yo‘l olgani juda quvonarli bo‘ldi.

Quyida uning Tribuna.uz jurnalistiga bergan intervyusini o‘qishingiz mumkin.

- Zaur Eduardovich, "Akron" klubi bilan xayrlashganingizdan so‘ng hali ham ta’tildamisiz? Rejalaringiz qanday?

- Salom, yaxshimisiz. Ayni paytdagi holatim ertangi kun uchun reja tuzish imkonini bermaydi. Hozircha biror-bir jamoadan taklif olganimcha yo‘q. Ammo, umid qilamanki, tez orada xizmatimga qiziqish bildiradigan jamoalardan takliflar bo‘ladi.

- Sherzod Esanov "Akron"da qo‘l ostingizda to‘p tepgan. Endi u O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida jahon chempionatida ishtirok etadi. Bundan xabaringiz bormi?

- Ha, Sherzodning milliy jamoa bilan jahon chempionatiga yo‘l olgani meni yoqimli tarzda xursand qildi. Bu uning uchun katta plyus. Bugungi kunda O‘zbekiston futboli yuksalish jarayonida. Hattoki, biz uchun ham bu quvonarli hol. Nega deganda, Sobiq Ittifoq davlatlari orasida faqat O‘zbekiston ushbu jahon birinchiligida ishtirok etadi. Sobiq Ittifoq davrida ham o‘zbek futbolchilari jismoniy kuch-quvvati va iqtidorining balandligi bilan ajralib turishgan. Bugungi kundagi terma jamoa tarkibida ham o‘sha avlodning munosib vorislari jamlangan. Ayniqsa, yarim himoya chizig‘idagi ijrochilar o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishmoqda. Sherzod uchun katta futbol bayramida ishtirok qilish juda yuksak natija. O‘z navbatida shunday futbolchiga ma’lum vaqt ustozlik qilganim meni ham quvontiradi. Men unga faqat yaxshi tilaklar bildiraman, omad tilab qolaman.

- Esanovning potensialini qanday baholaysiz?

- Sherzodni anchadan beri ko‘rganim yo‘q. Qolaversa, o‘sha klubda ishlayotgan paytimda yarim himoya chizig‘ida raqobat ancha yuqori edi. Boz ustiga bunday holatlarda yosh futbolchilar ko‘pincha zaxirada qolib ketishadi. Sherzod "Akron"da asosan Kubok doirasidagi uchrashuvlarda o‘ynardi. Aytiyapmanki, shunday bahslarda Esanov o‘zidan yaxshi taassurot qoldira olardi. O‘shandaoq uning istiqbolli futbolchi ekanligini his qilardim. O‘ylaymanki, anchadan beri uni ko‘rmaganimgaku qaramay, Sherzod tajribasini yetarli darajada oshirishga ulgurgan bo‘lsa kerak. Men bunga shubha qilmayman. Aks holda uni milliy jamoaga chaqirishmagan bo‘lardi. Ishonchim komilki, Esanov yuqori saviyada o‘ynay oladi. Men unga jahon chempionatida omad yor bo‘lishini tilab qolaman.

- Sherzod Esanovni jahon chempionatida ko‘rish siz uchun nimani anglatadi?

- Yana qaytaman, jahon chempionati ulkan futbol forumidir. Unda har kimga ham ishtirok etish nasib qilavermaydi. Jahon birinchiligida eng zo‘r deya ko‘rilayotgan o‘yinchilargina ishtirok etishadi. O‘z navbatida bunday bayramda futbolchilarda bor mahoratlarini namoyish etish istagi shunga monand yuqori bo‘ladi. Shubha yo‘qki, jahon chempionati chog‘ida Sherzod Esanov va uning jamoasiga muxlislik qilaman.

- Ayting-chi, o‘zingiz birga ishlagan yana qaysi o‘yinchilar milliy jamoalari tarkibida jahon chempionatiga yo‘l olishmoqda?

- Premer-ligada o‘zim boshqargan klublar tarkibida milliy terma jamoalarning a’zolari ham to‘p tepishgan. Masalan, Artyom Dzyuba. Men uchun Dzyuba bilan birga ishlash murabbiy sifatida juda yoqimli bo‘lgan. Hayotiy tarjribam oshgan. Endi esa mana, Sherzod Esanov jahon birinchiligida ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

- O‘zbekiston guruhda Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR milliy jamoalari bilan kuch sinashadi. Jamoamizning guruhdagi imkoniyati haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Jahon chempionatida ishtirok etish har bir terma jamoa uchun o‘ziga xos imkoniyat. O‘z navbatida butun O‘zbekiston uchun milliy jamoaning futbol forumida ishtirok etishi bayramga aylanishi shubhasiz. Fursatdan foydalanib bunday imkonga ega bo‘lgani uchun milliy jamoangizni chin qalbimdan tabriklayman. Xudo nasib qilib, bu jahon chempionati O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyat kasb etib qolishidan umidvorman. Odatda, jahon chempionatlarida kutilmagan natijalar sodir bo‘ladi. Istardimki, O‘zbekiston mana shunday sensatsion natijalarni qayd etsin! Imkoniyatga kelsak, guruhingiz ancha jiddiy raqiblardan tashkil topgan. Albatta, bunday raqiblar bilan bellashish murakkab kechadi. Lekin hayotda kutilmagan voqealar yuz bergani kabi futbolda ham shunday hodisalar sodir bo‘lib turadi. O‘zbekiston uchun muxlislik qilib, qayg‘urib qolamiz.

- Esanovni klubga taklif etish va keyinchalik u bilan xayrlashish qanday yuz bergandi?

- Bu savolingizga qisman yuqorida javob berib o‘tdim. Biz o‘shanda yosh, istiqbolli o‘yinchi timsolida Esanovni ko‘rganmiz. O‘zbekistonda futbol ancha yuqori darajada. Esanov esa Superligada o‘ynashga ulgurgan edi. "Akron"ga olib kelganimdan so‘ng mashg‘ulotlar chog‘ida uni tanlab adashmaganimizga amin bo‘lganmiz. Chunki Sherzodda o‘yinni tushunish, "o‘qish" qobiliyati borligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Uni "Akron"dan ketishini umuman istamaganman. Nima sababdan bunday bo‘lganini o‘zim ham tushunmagandim. Futbolchini boshqa jamoaga ijaraga berib, so‘ngra qaytarib olib kelsa ham bo‘lardi. Bo‘lgan ish bo‘lib o‘tdi. Endi Sherzod Esanov uchun jahon chempionati chog‘ida muxlislik qilaman, uning uchun qayg‘uraman. Futbolchining faoliyatida kutilmagan davrlar ham bo‘ladi. O‘z navbatida Esanov mana shunday bosqichlardan navbati bilan o‘tib bormoqda. O‘ylaymanki, "Akron"ni tark etish chog‘ida o‘zi to‘g‘ri deb bilgan qarorni qabul qilgan. O‘sha qabul qilgan qarori umid qilamanki, uning uchun yaxshilikka bo‘lgan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
Bugungi yangiliklar