Live
4
O'zbek

Umarali Rahmonaliyev: "Raqibdan qo'rqish yo'q, xotirjamlik bilan o'yinga tayyorganib boryapmiz"

Futbol
6 iyun, 14:48
Futbolchi milliy jamoa bilan AQSHda.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Umarali Rahmonaliyev: "Raqibdan qo'rqish yo'q, xotirjamlik bilan o'yinga tayyorganib boryapmiz"
Фото: ЎФА

Fabio Kannavaro milliy jamoaga jalb qilgan, aniqrog'i dastlabki 30 talik ro'yxatga kiritilgan futbolchilar orasida Umarali Rahmonaliyev ham bor.

Yakuniy 26 talik ro'yxatga 4 nafar o'yinchimiz kirmadi. Ularning orasida Rahmonaliyev ham bor. Biroq eng asosisi, u milliy jamoa bilan Amerikada va mundial nafasini his qilmoqda. Avvalo, hech kim jarohat olmasin, biroq kerak bo'lsa, ular boshqa futbolchining o'rnini to'ldirishga tayyorlar.

Rahmonaliyev Ozarbayjonda "Sabah" bilan birga mamlakat chempionligi va Kubogini qo'lga kiritgan holda mavsumni o'zi uchun super darajada o'tkazishga muvaffaq bo'ldi. Ta'bir joiz bo'lsa, u bunday muvaffaqiyatlardan keyin o'zini baxtli inson sifatida his qilishi turgan gap.

«Xudoga shukr, kutganimizdan ko'ra xayrli ishlar bo'ldi. Chempionatda yutishimiz mumkin bo'lgan ikkita sovrinni ham qo'lga kiritdik. Tabiiyki, bundan juda ham xursandman. Aytganingizdek, eng baxtiyor insonman desam bo'ladi», - deya ushbu holatga izoh berdi, Umarali.

Rosti, legionerimizning "Sabah" jamoasi bilan birga birin-ketin ikkita sovrinni qo'lga kiritishini balki ko'pchilik kutmagan bo'lsa ham kerak. Lekin Rahmonaliyev va uning jamoasi o'z oldiga qo'yilgan maqsad sari katta mashaqqatli yo'lni bosib o'tdilar va ushbu natijalar endilikda tasodif emas.

«O'ylaymanki, har bir muvaffaqiyat tagida katta mehnat, matonat va sabr yotadi. Sababini qilgan odamga Yaratganning o'zi madadkor bo'ladi. Shu boisdan oson bo'lmadi. To'g'risi, chempionat boshida kimgadir shu xususida aytsak xuddi ertakdek ko'rinardi. Lekin biz buni uddaladik», - deya qo'shimcha qildi, Rahmonaliyev.

Har bir futbolchining orzusi shubhasiz milliy jamoa bilan jahon chempionatida ishtirok etish. Buning uchun avvalo u o'zini ko'rsatishi, murabbiyning ishonchini qozonishi va belgilangan ro'yxatdan joy olishi lozim. Biroq bu hammaga ham nasib qilavermaydi. Shuning uchun milliy jamoa bilan Amerikaga yo'l olgan barcha yigitlarga hamma havas qiladi. Ular tanlanganlar va eng munosiblaridir. Umarali ham ulardan biridir. Xo'sh, u milliy jamoa safida AQShga yo'l olishini qanday bildi? U yerda Kannavaro boshchiligidagi mashg'ulotlarda asosiy e'tibor nimaga qaratilyapti? "Sabah" yetakchisi buni quyidagicha ma'lum qildi:

«Men ko'chada edim, dadam qo'ng'iroq qilib tabrikladilar. Shundan keyin bildim. Hozir e'tibor jismoniy va taktik holatga qaratilgan. Qoida doirasida agressivni va tezkor futbolni ko'proq talab qilyapti».

Ilk o'yinimiz Kolumbiyaga qarshi. O'tayotgan har bir kun bizni bo'lajak tarixiy uchrashuvga yaqinlashtirmoqda. Bu o'ziga yarasha hayajonli va ta'riflab bo'lmaydigan his-tuyg'ular uyg'unlashuvini aks ettiradi. Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o'yin oldidan aytilgan gap:

«Kim qachongi davrdan farqli o'laroq raqibdan qo'rqish, uni haddan ortiq hurmat qilish degan narsalar asta sekin yo'q bo'lib, to'g'ri va xotirjamlik bilan o'yinga tayyorganib boryapmiz. Hozirda mundial nafasini qaysidir ma'noda his qilyapmiz. O'ylaymanki, jahon chempionati yaqinlashgani sari bu narsa yanada ortib boradi», — dedi futbolchi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
Bugungi yangiliklar