Oʻzbekiston milliy jamoasi darvozaboni Botirali Ergashev jahon chempionatidagi debyut, saralash bosqichidagi esda qolarli oʻyin, darvozabonlarning tayyorgarligi va ichki muhit xususida gapirib oʻtdi.
«Har bir futbolchi jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qiladi. Bu mening eng katta orzularimdan biri desam boʻladi.
Yaqin-yaqingacha mundiallarda qaysidir jamoaga muxlislik qilib, tomosha qilardik. Allohga shukur, mana endi oʻzimiz ishtirok etyapmiz. Bu odamni juda xursand qiladi.
Saralash bosqichida oson oʻyinlar boʻlmadi. Har bir bahs oʻziga yarasha qiyin oʻtdi. Shimoliy Koreyaga qarshi Oʻtkir aka (Yusupov) penalti qaytargan uchrashuv juda muhim boʻldi deb oʻylayman.
Mundialda asosiy maqsad — quruq oʻyin oʻtkazish. Alhamdulillah, ichki muhit a'lo darajada. Yaxshi kayfiyatda bahslarga tayyorgarlik koʻryapmiz.
Mashgʻulotlarda ham yuqori intensivlik boʻyicha mashqlar olib boryapmiz. Jahon chempionatida temp juda yuqori boʻladi, shunga moslashish uchun hozirdan tayyorgarlik koʻrishimiz kerak va biz shu bosqichdan oʻtishimiz kerak deb oʻylayman.
Yuqori saviyali hujumchilarga qarshi oʻynash ham yoqimli. Sababi, kuchlilarga qarshi bahsda sizning salohiyatingiz koʻproq namoyon boʻladi. Bu oʻzimizni sinab olish uchun ham yaxshi imkoniyat.
Xudo xohlasa, musobaqada jamoaviy oʻyin koʻrsatib, hech kimdan kam emasligimizni isbotlaymiz. Yaxshi oʻyin namoyish etib, muxlislarimizni ham xursand qilamiz degan umiddamiz.
Yosh futbolchilar orasida Abbos (Fayzullayev)ning oʻyinlari koʻproq yoqadi. Shuningdek, uning driblinglari va kreativligi darvozabonlarga ham qiyinchilik tugʻdiradi», — dedi Ergashev OFA matbuot xizmatiga bergan intervyusida.