Live
1
O'zbek

Portugaliya JCH favoriti. Ammo Ronaldu atrofidagi bosim jamoaning asosiy muammosiga aylanishi mumkin

Futbol
10 iyun, 05:30
Roberto Martines qo‘l ostidagi tarkib qog‘ozda turnirning eng kuchli jamoalaridan biri sanaladi.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Portugaliya JCH favoriti. Ammo Ronaldu atrofidagi bosim jamoaning asosiy muammosiga aylanishi mumkin
Foto: Getty Images
23.06.2026, 13:00 Jahon chempionati (JCH-2026) Portugaliya Portugaliya - : - O‘zbekiston O‘zbekiston

2026 yilgi Jahon chempionati oldidan Portugaliya milliy jamoasi asosiy favoritlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Roberto Martines boshqaruvidagi jamoa tarkibida Diogu Koshta, Ruben Diash, Vitinya, Joau Nevesh, Brunu Fernandesh, Bernardu Silva, Rafael Leau va Krishtianu Ronaldu kabi yulduzlar jamlangan.

Biroq saralash bosqichi portugaliyaliklarning yo‘li kutilganidek silliq kechmaganini ko‘rsatdi. Jamoa Irlandiyaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi, Vengriya bilan durang o‘ynadi va guruhdagi masalani faqat so‘nggi turda Armaniston ustidan 9:1 hisobidagi yirik g‘alaba bilan hal qildi.

Jahon chempionatida Portugaliya K guruhidan joy olgan bo‘lib, Kongo DR, O‘zbekiston milliy jamoasi va Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Mutaxassislar fikricha, aynan Kolumbiyaga qarshi bahs guruhdagi eng murakkab sinov bo‘lishi mumkin.

Jamoaning eng muhim figurasi sifatida esa Brunu Fernandesh tilga olinmoqda. «Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi o‘tgan mavsum APLda 21 ta golli uzatma berib, yangi rekord o‘rnatdi va musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Shu bilan birga, 41 yoshli Krishtianu Ronaldu ham mundialga katta maqsad bilan yo‘l olmoqda. Jahon chempionligi uning faoliyatida hali qo‘lga kiritilmagan yagona yirik sovrin bo‘lib qolmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Portugaliyaning asosiy muammosi futbolchilarning saviyasida emas, balki jamoa ichidagi muvozanatda bo‘lishi mumkin. Ronaldu atrofidagi e’tibor va bosim ba’zan jamoaviy o‘yinga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor.

Bundan tashqari, Rafael Leauning intizomiy muammolari ham Martines uchun xavotir uyg‘otmoqda. «Milan» vingeri Chili bilan o‘rtoqlik bahsida qizil kartochka olgandi.

Shunga qaramay, Portugaliya mutaxassislar tomonidan mundialning asosiy da’vogarlaridan biri sifatida baholanmoqda. Agar Martines yulduzlar jamlangan tarkibda muvozanatni saqlay olsa, portugaliyaliklar tarixdagi ilk Jahon chempionligi uchun jiddiy kurash olib borishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Portugaliya milliy jamoasining O‘zbekistonga qarshi o'yini 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da bo'lib o'tadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Portugaliya Portugaliya
  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar