Fransiya milliy jamoasi ustozi Didiye Desham maydonda forvard Kilian Mbappe uchun optimal nuqta qaysi ekanligi haqidagi savolga javob berdi.
Madridning «Real» klubi yulduzi markaziy hujumchi rolida bor imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmaydi degan fikr bor. Fransiyaliklar ustozi bu masalaga hazil bilan javob qaytardi.
«Balki men ahmoqdirman. Oxirgi uch yilda klublar miqyosida uni markaziy hujumchi sifatida o‘ynatgan murabbiylar ham hech nimani tushunmaydi. Kilian «PSJ»dagi oxirgi mavsumida va «Real»da o‘tgan keyingi ikki mavsumda ham hujum markazida to‘p tepdi», – deya Desham so‘zlaridan iqtibos keltirdi Madrid Zone.
Ma’lumot uchun Fransiya milliy jamoasi jahon chempionati guruh bosqichi ilk turida 16 iyun kuni Senegalga qarshi maydonga tushadi.