Fransiya milliy jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionatidagi asosiy maqsad haqida gapirdi.
Yulduz futbolchining ta’kidlashicha, fransuzlar mundialga faqat bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun yo‘l olmoqda.
«Maqsad — Jahon chempionatida g‘olib bo‘lish. Yarimfinal haqida gapirishni tushunmayman.
Agar maqsad yarim finalga chiqish bo‘lsa, unda u yerga yetganimizdan keyin qo‘llarimizni tushirib, uyga qaytishimiz kerakmi? Yo‘q!
Maqsad — Jahon chempionligini qo‘lga kiritish. Bu har bir futbolchining orzusi. Turnirga kelayotgan barcha jamoalar g‘alaba qozonishni istaydi.
Agar Fransiya yarimfinalga chiqsa, biz maqsadimizga erishdik deb aytmaymiz», — dedi Mbappe.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya milliy jamoasi 2022 yilgi Jahon chempionatida finalga qadar yetib borgandi.
Ma’lumot uchun, fransuzlar 2026 yilgi mundialning I guruhida Senegal, Iroq va Norvegiya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.