Live
1
O'zbek

Temurxo'ja Abduholiqov: «4 yil oldin ham meni qariyaga chiqarib qo'yishgandi»

Futbol
10 iyun, 08:00
U «Lokomotiv» safida 9 ta gol urdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Temurxo'ja Abduholiqov: «4 yil oldin ham meni qariyaga chiqarib qo'yishgandi»
Фото: Локомотив ПФК

Toshkentning «Lokomotiv» sharafini himoya qilayotgan tajribali hujumchi Temurxo'ja Abduholiqov joriy mavsumda yana to'purarlik ro'yxatida kurash olib bormoqda.

35 yoshni qarshilayotgan tajribali futbolchi hamon o'z saviyasida va gollar urish salohiyatini yo'qotmaganini barchaga ko'rsatib qo'ymoqda.

U qariya o'yinchi emas, balki yoshlarga namuna sifatida o'rnak bo'layotgani e'tiborga molik.

Tribuna.uz nashri uchun bergan uning quyidagi intervyusini mutolaa qiling.

- Superliganing 11 turi ortda qoldi va ko'pchilikni yoqimli ma'noda ajablantirgan holda «Lokomotiv» safida hozirgacha jami 9 ta gol urishga erishdingiz. Shundan 6 tasi chempionatda va 3 tasi Kubokda kiritildi. Balki mavsum avvalida sizning shunday sermasulligingizga ishonishmasdi...

- Avvalambor, hammasi Yaratgandan. Harakat qilyapmiz, Xudo beryapti. Sabablariga keladigan bo'lsak, birgina o'zim hech nima qila olmasdim. Jamoa do'stlarim, murabbiylar shtabini ham alohida aytishim kerak. O'z ishimi yaxshilab bajarishga harakat qilyapman. Qaerdadir o'xshayapti, qaerda yo'q. Lekin yomon emas. To'g'ri, yil boshida ko'pchilik bizni qariyalar jamoasi, pro ligadan chiqqan va yana pro ligaga tushib ketishga da'vogar deb o'ylashayotgandi. Bir hisobda shunisi ham yaxshi. O'sha bildirilgan fikrlarning aksi bo'lishiga jamoa bo'lib, natijalar va o'yinimiz bilan javob berishga harakat qilyapmiz. Ozmi-ko'pmi o'xshayapti.

- Hujumchi sifatida qayd etayotgan bunday sermasulligingizdan qay darajada qoniqyapsiz?

- Orqaga nazar tashlasangiz, hech qachon qoniqish hosil qilmaymiz. Chunki ijobiy natijalardan ko'ra, xatolar ko'proq bo'ladi. Uni bunday yoki buni unday qilsam bo'lardi, degan o'ylash bo'lishi mumkin va har doim o'yinni yaxshilasa bo'ladi. To'g'ri, bundan yomoni ham bo'lishi mumkin edi. Ochkolar ololmasligimiz hech gap emasdi. Bu tarafdan qarasak shukr qilamiz. Lekin har doim vaziyatni bundan-da, yaxshiroq bajarsam bo'lardi-ku, degan xayol o'tadi. Shuning uchun mashg'ulotlarda yanada yaxshiroq bo'lishi uchun harakat qilamiz.

- 35 yoshingizda alohida e'tirof etilyapsiz. Temurxo'ja Abduholiqov ikkinchi yoshligini boshdan kechiryapti, degan fikrlarni eshityapmiz. Bunga qo'shilasizmi?

- Yo'q, bu ikkinchisi emas, uchinchisi bo'lsa kerak. 4 yil oldin «Qizilqum»da o'ynaganimda meni qariyaga chiqarib qo'yishgandi, ayniqsa, o'sha paytdagi milliy jamoa bosh murabbiy yoshi katta deb aytgandi. Hayron bo'lgandim. Demak, bu uchinchisi. U paytda ham to'purarlik orasida birinchi o'rinda edim. Statistikaga qarasangiz hammasi ko'rinadi. O'shanda ham ikkinchi yoshligi deyishgandi, shu bois bu uchinchi bo'lsa kerak. Nasib bo'lsa, to'rtinchisi, beshinchisi bo'lishga harakat qilamiz.

- O'zingizga bildirilgan tanqidlar va munosib javob qaytaryapsiz va nimlarga qodirligingizni boshqalar uchun isbotlashga harakat qilyapsiz...

- To'g'risini aytaman, tanqidlariga ham, maqtovlarga ham e'tibor bermayman. Bu yoshdan o'tganman. Eng asosiysi, maksimal futbol o'ynab, rohat olishni istayman. Bilasiz, yoshingiz o'tib boryapti, bir yil, ikki yil, balki besh yil o'ynarsiz. Qachon o'z ishini maksimal bajarsangiz shunda rohatlanasiz, to'g'rimi? Tanqid yoki maqtovlarga qarab emas, balki bu paytlar qaytmasligini tushunib, g'animatligini bilib, maksimal darajada rohatlanishga harakat qilamiz.

- «Lokomotiv» tajriba va yoshlar uyg'unligida harakat qilyapti. 11 turdan keyin qanday xulosalar paydo bo'ldi va mavsum oxirida klubni qaysi o'rinda ko'rishimiz mumkin?

- Yil boshida bizga vazifa qo'yilgan: elitada qolish! O'yinlarimizga qarasak, istalgan uchrashuvda g'alaba qozonsak bo'lardi. Shularni tahlil qilib chiqyapmiz. Ayniqsa, yutqazgan o'yinlarimizda, Farg'onadami yoki boshqasida g'alaba qozonsak bo'lardi. Xatolarimiz evaziga mag'lubiyatga uchradik. O'ylaymanki, «Lokomotiv» istalgan raqib bilan o'ynay olishini isbotlay oldi. Yana qo'shish kerak. Ikkinchi davrada yanada qiyin bo'lishini bilamiz. Natijalarni yaxshilashga harakat qilamiz. Vazifalar o'zgarmaydi.

- Yaqin kunlarda mundial boshlanadi va milliy jamoamiz tarixiy uchrashuvlar ostonasida turibdi. Bir so'z bilan aytganda, milliy jamoamizdan nima kutyapsiz?

- Omad yor bo'lsin! Jahon chempionati eng yuqori daraja deb o'ylayman. Faqat ijobiy natijalar kutamiz. Niderlandiyaga qarshi o'yinda hisobga qaraydigan bo'lsak ham milliy jamoamiz tengma-teng o'ynagan. Demak, futbol deyarli hamma joyda tenglashgan. Hech kimdan qo'rqmasdan maydonga chiqamiz.

Shuhratbek Jo'rayev suhbatlashdi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
Bugungi yangiliklar