O‘FAning Niderlandiya milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi uchun qancha mablag‘ to‘lashi haqidagi ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Jumladan, O‘FA terma jamoalar bo’limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev tomonidan Instagramda joylangan postda aytilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Niderlandiyaga qarshi yopiq o‘rtoqlik bahsi uchun 300 ming dollar to‘laydi.
Shuningdek, postda O‘FA so‘nggi yillarda Kamerun, Kosta-Rika, Boliviya, Venesuela, Rossiya, AQSH, Meksika, Urugvay va Kanada milliy jamoalari bilan o‘yinlar uchun milliy jamoalarga yoki agentlarga pul to‘lamagani ta’kidlangan. Aksincha, federatsiya byudjetiga 525 ming dollar kelib tushgani aytiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi safarlar davomida ovqatlanish va yashash xarajatlarini ham o‘zi qoplamagani, mezbon tomon tomonidan ta’minlangani yozilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi iyun oyida Kanada va Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Niderlandiyaga qarshi bahs 8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi «Ikan Stedium»da bo‘lib o‘tadi.