Live
3
O'zbek

«Eng xavfli hisob – 2:0» — Shahboz Erkinov O‘zbekistonning Rossiyaga qarshi o‘yini haqida nimalarni aytdi?

Eksklyuziv
13 noyabr, 07:42
    12
Tribuna.uz muxbiri milliy jamoaning sobiq futbolchisi bilan suhbatlashdi.
«Eng xavfli hisob – 2:0» — Shahboz Erkinov O‘zbekistonning Rossiyaga qarshi o‘yini haqida nimalarni aytdi?
Фото: ЎФА
12.11.2026 FT Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari O‘zbekiston O‘zbekiston 2 : 3 Rossiya Rossiya

Kecha O‘zbekiston milliy jamoasi Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi va afsuski, 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Eng alam qilarlisi shundaki, vakillarimiz 2:0 hisobida oldinda edi, ammo qandaydir 10 daqiqa ichida uchta gol o‘tkazib yubordik.

Milliy jamoamizning sobiq futbolchilaridan biri va bugungi kunda bolalar futbolida murabbiy sifatida ishlayotgan Shahboz Erkinov kechagi o‘yinga doir bir qator savollarga javob qaytardi.

- Avvalo, milliy jamoamizning Rossiyaga qarshi o‘yini sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Ikki xil taassurot qoldirdi. Birinchi taymda umuman boshqa jamoa, ikkinchi taymda esa umuman boshqa jamoa. Birinchi bo‘limda ancha zich joylashuv asosida tartibli o‘yin ko‘rsatayotgandik. Tanaffusdan keyin, bilmadim, balki zaxiradan maydonga tushganlar bilan bog‘liqdir... Eng yomoni, xavfli hisob — 2:0. Bo‘shashishni boshladik, balki shuning hisobigadir?! Zaxiradan maydonga tushganlarimiz o‘yinni susaytirib yuborishdi, Rossiyada esa aksincha, zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinni kuchaytirib yuborishdi. Shu bois ikki xil taassurot qoldi: boshida yaxshi, tartibli o‘ynayotgandik. Jamoaviy pressing ham, hujumdagi harakatlar ham yaxshi bo‘layotgandi. Keyin individual xatolar juda ko‘payib ketdi.

- Darhaqiqat, barcha zaxiradan tushgan o‘yinchilar haqida gapirishmoqda va aynan shu sababli biz gol o‘tkazib yubordik. Kannavaroning zaxira almashtirishlari o‘zini oqlamaganiga doir fikrlarga siz ham qo‘shilasizmi?

- O‘yinga kirishib keta olishmadi, bu aniq. Ikkinchi taymda tushgan futbolchilar o‘yinni buzib yuborishdi, deya olmayman. Lekin Kannavaro ham ularni tekshirishi kerak-ku! Qayerda ko‘radi? Shunaqa uchrashuvlarda yangi o‘yinchilarni ko‘rib olmasa, qayerda, kim bilan ko‘radi? Ha, maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirib bera olishmadi. Hech bo‘lmaganda, ular birinchi bo‘limdagi o‘yin ritmini ushlab bera olmadilar. Lekin shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, Rossiya ikkinchi bo‘limda ancha qo‘shdi. Birinchi bo‘limda sekinroq o‘ynayotgandi. Tanaffusdan keyin uzun paslar bilan bo‘sh zonalar orqali yaxshi chiqib ketishni boshlashdi.

- Milliy jamoamiz safida sizga eng yoqqan futbolchi kim bo‘ldi?

- Jahongir O‘rozov yomon o‘ynamadi. Eldor har doimgidek o‘z darajasida. Qoyil. Doston Hamdamov ham yoqdi. Nazarov to‘pga yugurib chiqqanida himoyachi bilan tushunmovchilik bo‘ldi, balki baqirib chiqmagandir, bilmayman. O‘sha vaziyatni hisobga olmaganda, darvozabon ham 2-3 ta vaziyatda yaxshi qutqardi. Oyog‘i bilan butun hujumlarni yaxshi boshladi. Buni ham ta’kidlab o‘tish kerak.

- Nima deb o‘ylaysiz, himoyada Xusanovning yo‘qligi ham katta ta’sir ko‘rsatdimi?

- Abduqodirning yo‘qligi juda katta ta’sir qildi, deb o‘ylamayman — aniq bilamanki, ta’sir qildi. Abduqodir bo‘lganida birga-bir chiqib ketishlar bo‘lmasdi. Chunki uning tezligi bor, masofa tanlashni ham biladi. Xusanov bo‘lganida bunchalik oson birga-bir chiqib keta olishmasdi.

- Milliy jamoamiz o‘yinida bosh murabbiyning imzosini ko‘ryapsizmi?

- Imzosi ko‘rinayapti. Ha, yigitlar tajovuzkor o‘ynashga harakat qilishyapti. Zichroq himoyadan hujum boshlashga urinishyapti. Lekin imzosi qanday, nimada? Fabioning bir jihati foyda beryaptiki, u yosh-yosh, hali ochilmagan yoshlarni ham chaqirib, qo‘rqmasdan tekshiryapti. Balki mahalliy murabbiylar bu ishni qilishga qo‘rqishardi. Kannavaro esa tarkibni yoshartirishga, rotatsiya qilishga qo‘rqmasdan qo‘l uryapti. Shuni aniq ayta olamanki, u bu ishni eplayapti.

- Bu o‘yinda natijada yutqazdik. Lekin o‘yin davomida biz uchun nima plus bo‘ldi, deb ayta olasiz?

- Oxirigacha o‘ynash kerakligini o‘rtoqlik uchrashuvida ham uqtirib qo‘yishdi — rossiyaliklar. Aynan natija bobida 2:0 hisobi hali g‘alaba degani emas. Shunisi achinarli bo‘ldi. Shaxsiy fikrimcha, bugungi kunda biz Rossiya futboli bilan daraja borasida tenglashib oldik. Aynan milliy jamoa misolida ulardan hech narsada qolishmaymiz. Sababi, bizda ham futbol ko‘tarildi. Ularni esa 3-4 yildan beri xalqaro o‘yinlardan chetlatishgani ichki chempionatiga ham, milliy jamoa darajasiga ham ta’sir qilyapti. O‘sish to‘xtab qolgan. Biz milliy jamoa darajasida ulardan ortdamiz, deb hisoblamayman.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Rossiya Rossiya
  • Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

12 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar