Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Arsen Vengerning FIFA prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avvalroq «Arsenal»ning sobiq bosh murabbiyi saylovlarda ishtirok etishga rozilik berish arafasida ekani haqida xabar berilgandi.
The Telegraph nashrining yozishicha, Makron vatandoshi bilan bog‘lanib, uni Janni Infantinoga raqib bo‘lishga ko‘ndirishga uringan. Shuningdek, u boshqa davlat rahbarlarini ham Venger nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirishga tayyor. Biroq Arsenning yakuniy qarori hozircha noma’lum.
Ta’kidlanishicha, Makronning Vengerni ochiq qo‘llab-quvvatlashi Fransiya prezidenti bilan munosabatlari keskinlashgan Afrika davlatlarida aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Agar fransiyalik 77 yoshli mutaxassis saylovlarda qatnashishdan bosh tortsa, UEFA Yaponiya futbol assotsiatsiyasining faxriy prezidenti Kozo Tashima nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, yana bir «taniqli shaxs» o‘z nomzodini ilgari surishi kutilmoqda. Bundan tashqari, «Tottenhem»ning sobiq himoyachisi Ramon Vega ham FIFA rahbarligi uchun kurashmoqchi. Biroq uning nomzodi ro‘yxatga olinishi uchun zarur bo‘lgan beshta milliy futbol federatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hozircha noma’lum.
FIFA prezidentligi saylovi 2027-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Makron Vengerni FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashishga ko‘ndirmoqda
Futbol
13 noyabr, 07:05
«Arsenal»ning sobiq ustozi hozircha bir qarorga kelmagan.
Foto: Getty Images