Bugun
30
O'zbek

Valeriy Karpin: «Xursandman deb ayta olmayman»

Futbol
12 noyabr, 13:53
    13
Rossiya ustozi o‘yindan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Valeriy Karpin: «Xursandman deb ayta olmayman»
Фото: ЎФА
12.11.2026 FT Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari O‘zbekiston O‘zbekiston 2 : 3 Rossiya Rossiya

«Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 2:3 hisobida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yindan keyin Rossiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin irodali g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.

— Qanday hissiyotlar? Yuz ifodangizdan juda xursand ekaningiz bilinmayapti.

— Ha, juda xursandman, deb ayta olmayman. Balki ikkinchi bo‘limdan qoniqqandirman, lekin umuman olganda, butun o‘yinimizdan, tabiiyki, noroziman.

— Ijobiy hissiyotlar ko‘proqmi yoki salbiylari?

— Shaxsan menda baribir salbiy hissiyotlar ko‘proq. Birinchi bo‘limda ko‘rganlarimiz biz istagan o‘yindan mutlaqo yiroq edi. Tanaffusda yana gaplashib oldik, o‘yin shiddatini oshirdik, energiya qo‘shdik, deb aytaylik. Shundan keyin hammasi o‘z o‘rniga tushdi. O‘tkazib yuborgan gollarimizga kelsak, ikkala golni ham o‘zimiz o‘z darvozamizga urdik. Ammo bu birinchi bo‘limdagi o‘yinimiz, yumshoq qilib aytganda, yaxshi bo‘lmaganini o‘zgartirmaydi.

— Aynan nimalar sizga yoqmadi?

— Hammasi, mutlaqo hammasi. Agar maydonga chiqib, 100 foiz tayyor va diqqatingizni jamlagan holda o‘ynamasangiz, himoyadan to‘pni olib chiqa olmaysiz, hujum ham qila olmaysiz, qaytgan to‘plar uchun kurasha olmaysiz, raqibning ortingizga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yasiz. Buning barchasi, tabiiyki, bosh bilan bog‘liq. Buni ikkinchi bo‘lim ham ko‘rsatdi: qachonki jamoa diqqatini jamlab, maydonga bor kuch va ishtiyoq bilan tushsa, o‘yin ham butunlay boshqacha bo‘ladi.

— Bu raqibni mensimaslik oqibati bo‘ldimi?

— Buni futbolchilarning o‘zidan so‘raganingiz ma’qul.

— Vitaliy Denisov studiyadagi efirda o‘yindan oldin O‘zbekiston favorit ekanini aytdi. Siz ham bu uchrashuvga shunday kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rdingizmi?

— Ha, ehtimol, shunday. Tabiiyki, biz kim favorit, kim favorit emasligi haqida gapirmaymiz. Bu haqda ko‘proq muxlislar va mutaxassislar fikr bildirishadi. Biz bu mavzuni muhokama qilmadik, lekin juda jiddiy va og‘ir o‘yin bo‘lishini tushunardik. Jahon chempionatida ishtirok etgan va FIFA reytingida yuqori o‘rinlarda turgan jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilardik. Ya’ni, bu qandaydir Namibiya emas, balki Eron yoki Nigeriyaga qarshi o‘yinlar kabi jiddiy uchrashuv bo‘lishini anglab yetgandik.

— To‘rt yil avvalgi O‘zbekiston va bugungi O‘zbekiston o‘rtasidagi farq sezilyaptimi?

— Mening nazarimda, bu boshqa jamoa. O‘ylashimcha, O‘zbekiston terma jamoasi kuchaygan. Boshqa tomondan, Rossiya terma jamoasi ham 2022-yilga nisbatan so‘nggi to‘rt yil ichida kuchaydi, deb hisoblayman. Gap natijada emas, bugun biz mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi. Masala bunda emas. Mening xulosalarim faqat bugungi o‘yinga asoslanmagan, — dedi Rossiya milliy jamoasi bosh murabbiyi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Rossiya Rossiya
  • Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

13 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar