Ispaniya milliy jamoasi vingeri Niko Uilyams JCH-2026 doirasida Urugvayga qarshi bahsda (1:0) olgan jarohati yuzasidan munosabat bildirdi.
Avvalroq futbolchining o‘ng sonining ichki mushagidan jarohat olgani ma’lum bo‘lgandi. Shu sababli uning turnirning qolgan qismida ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda.
«Bu hayotimdagi eng og‘ir kunlardan biri. Men hamkasbimning hafsalasi pir bo‘lgani va tushkun kayfiyat ta’sirida qilgan harakati oqibatida yana jarohat oldim. Menimcha, bu vaziyatning oldini olish mumkin edi, chunki bu qo‘pollik mutlaqo keraksiz edi», — deb yozdi Uilyams ijtimoiy tarmoqlarda.
Shuningdek, u tezroq safga qaytishga umid qilayotganini ham ta’kidladi.
«Bu meni to‘xtata olmaydi. Men yana futbol o‘ynash, baxtli bo‘lish va odamlarga quvonch ulashish uchun oxirigacha kurashaman. Bu hikoya hali yakunlangani yo‘q. Umid qilamanki, tez orada yana ushbu Jahon chempionatida ko‘rishamiz», — dedi ispaniyalik futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, Uilyams Urugvay yarimhimoyachisi Nikolas De la Krus bilan to‘qnashuvdan so‘ng jarohat olgan edi. Ispaniya milliy jamoasi 1/16 finaldagi navbatdagi bahsini 2 iyul kuni o‘tkazadi.