Turkiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Vinchenzo Montella Paragvayga qarshi bahs (0:1)dan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Juda afsusdaman, Turkiyadan yuqori natijalar kutishayotgandi. O‘zimizda ham katta umidlar bor edi. Turkiya futbol federatsiyasi uchun ham afsusdaman.
Futbolchilarimiz qanchalik mehnat qilganini bilaman. Bunday holat odatda har 50 ta o‘yindan bittasida sodir bo‘ladi. Ikki o‘yinda 65 taga yaqin zarba berdik. Hatto to‘p nazorati haqida gapirgim ham kelmayapti.
Omad biz tomonda bo‘lmadi. Futbolchilarga aytdim: «Sizlar bor kuchingizni berdingiz. Taqdirdan qochib bo‘lmaydi».
Men «u futbolchi ko‘proq ish qilishi kerak edi» yoki «bu yaxshiroq o‘ynashi mumkin edi» demayman. Doim futbolchining intilishlariga qarayman. Ularning barchasi kurash olib bordi, katta ishtiyoq namoyish etdi.
Hamma qattiq mehnat qildi, jon kuydirib o‘ynadi, ammo afsuski, natija bo‘lmadi. Katta turnirlarda muntazam ishtirok etishni shakllantirishimiz kerak.
Biz doim jahon chempionatiga chiqishimiz lozim. Chunki doim qatnashmaganimiz uchun futbolchilarning ongida qandaydir to‘siq paydo bo‘lishi mumkin. Milliy jamoa bu odatni shakllantirishi kerak.
Bir kishini ajratib, tanqid qilish oson. Hech kimni ayblashning keragi yo‘q. Chunki biz qo‘limizdan kelgan barchasini qildik. Men ham juda qattiq ranjidim», — dedi Montella.