Portugaliya milliy jamoasi Roberto Martines hujumchi Krishtianu Ronalduning jamoadagi o‘rni va Jahon chempionati-2026dagi roli haqida gapirdi.
Murabbiy forvard oxirgi vaqtlarda tanqidlarga uchrayotganini ta’kidlab, Krishtianuning milliy jamoa taktikasi uchun nechog‘lik muhimligini va jamoadoshlarini ruhlantirishdagi beqiyos roli haqida gapirdi.
— Krishtianu Ronaldu so‘nggi paytlarda ko‘plab tanqidlarga uchramoqda. Aslida ham u eng kuchli shaxslardan biri hisoblanadimi?
— Shubhasiz, u juda tajribali futbolchi va bu jihatning katta foydasi tegadi. U — odamlar diqqat e’tiborini qanday jamlashi kerakligi borasida yaqqol o‘rnak hisoblanadi. Uning tiklanishi, keyingi o‘yinga tayyorgarligi… U biz uchun chinakam o‘rnak. Ronaldu faoliyatidagi oltinchi mundialda ishtirok etmoqda va bizga ham katta yordam bermoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu Kongo DRga qarshi bahsdagi omadsizligimizni esdan chiqarishga sabab emas. Kim biladi, balki aynan shunday start keyingi bahslarga tayyorgarlik uchun yaxshi ham bo‘lgandir. O‘ylaymanki, O‘zbekiston bilan o‘yinda ilk daqiqalardan jangga tayyor jamoani ko‘ramiz.
— Krishtianu maydon markazida turganida va boshqa epizodlarda jamoaga nima berishi mumkin?
— Biz to‘pga egalik qilishni va uni tezda qaytarib olishni xush ko‘radigan jamoamiz. To‘p bizdaligida esa individual harakatlar, raqib jarima maydonchasiga yetib borishda aniqlik kerak bo‘ladi.Va bizga bo‘shliqni ocha oladigan futbolchi kerak. Krishtianu bu borada eng zo‘ri — raqamlar gapimga isbot bo‘la oladi. U chinakam timsol. Amalda u strategiyamizning so‘nggi detali, — deya Martines so‘zlaridan iqtibos keltirdi Record.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqich 1-tur o‘yinida Portugaliya Kongo DR bilan durang (1:1) qayd etdi. Ronaldu maydonda to‘liq harakat qildi, ammo samarali harakatlar amalga oshira olmadi.
Ma’lumot uchun, 2-tur doirasidagi Portugaliya — O‘zbekiston bahsi bugun, 23-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.