Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida "Navbahor" futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bu yerda yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o'quv-mashg'ulot jarayonlari bilan tanishdi.

Namangan viloyati o'zining boy futbol an'analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida o'rin tutadi. Yosh avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida "Navbahor" akademiyasi boshqaruvi uch yil muddatga dunyoning yetakchi futbol maktablaridan biri sanalgan Niderlandiyaning "Ayaks" futbol akademiyasiga boshqaruvga berilgan.
"Ayaks" dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi (1900 yilda tashkil etilgan) va o'z tarbiyalanuvchilarini Evropaning mashhur klublariga o'tkazish orqali har yili o'rtacha 50-70 million yevro daromad oladi.

Kelishuvga asosan, klublar o'rtasida qo'shma o'smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, o'zbekistonlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo'yicha "Ayaks"ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Hozirgi kunda akademiyada xorijiy mutaxassislar, jumladan, murabbiy va skautlar faoliyat yuritib, mahalliy yoshlarni Yevropa futbol standartlari asosida tayyorlash ishlarini olib bormoqda.
Prezident akademiya infratuzilmasi, mashg'ulot maydonlari hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko'zdan kechirdi. Shuningdek, yosh futbolchilar bilan suhbatlashib, ularning orzu-intilishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash va O'zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suratga tushdi.