Live
1
O'zbek

Baxtiyor Ashurmatov: "Milliy jamoamiz Portugaliyaga qarshi durang qayd etadi, deb o'ylayman"

Eksklyuziv
23 iyun, 10:17
Ashurmatov Portugaliyaga qarshi o'yin oldidan fikr bildirdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Baxtiyor Ashurmatov: "Milliy jamoamiz Portugaliyaga qarshi durang qayd etadi, deb o'ylayman"
Фото: Турон ПФК
23.06.2026, 13:00 Jahon chempionati (JCH-2026) Portugaliya Portugaliya - : - O‘zbekiston O‘zbekiston

Bugun biz uchun yana bir tarixiy kun. Jahon chempionatida debyutini o'tkazayotgan O'zbekiston milliy jamoamiz ikkinchi tur doirasida kimsan Portugaliya kabi mundial favoritlaridan biriga qarshi maydonga tushadi.

Butun xalqimiz bo'lajak unutilmas o'yinni katta ishtiyoq bilan kutishmoqda. Futbolimiz muxlislari va mutaxassislari esa bahs oldidan turli fikrlarni, mulohazalarni bildirmoqdalar.

Milliy jamoamizning sobiq futbolchisi, taniqli mutaxassislardan biri Baxtiyor Ashurmatov Portugaliyaga qarshi o'yin oldidan quyidagicha munosabat bildirdi:

«Bugungi o'yin oldidan to'xtaladigan bo'lsam, milliy jamoamiz debyut o'yini uchun Kolumbiyaga qarshi yomon o'yin ko'rsatishmadi. O'zbekiston jahonning yetakchi jamoalariga qarshi munosib harakat qila olishini ko'rsatib berdi. To'g'ri, bu butun uchrashuv davomida kuzatilmadi. Lekin ayrim epizodlarda, aytaylik, 1:0 hisobida yutqazayotganimizda yaqqol namoyon bo'ldi. Ustunlikni o'z qo'llariga ola bilishdi va hujumkor o'yin ko'rsatdilar. Shu sababli milliy jamoamizga bugungi uchrashuvda ham umid bildirsak bo'ladi, ishonch bor.

Shu bilan birga salbiy jihatlarni ham aytib o'tishni xohlardim. Birinchisi, afsuski, darvozabonimiz kerakli vaziyatlarda gollardan qutqara olmadi. Ha, u yaxshi o'yin namoyish qildi. Biroq, baribir darvozabon yarim jamoa deyishadi. Kerakli paytda qutqarganida bemalol durangga umid qilsak bo'lardi.
Ikkinchisi, milliy jamoamiz munosib va yaxshi o'yin namoyish qilishdi deyapmiz. Ammo bir nechta o'yinchilarimiz o'z darajasidan pastroq to'p tepishdi. Bunga Eron chempionati to'xtatilgani va uch nafar futbolchimizning bir necha oy davomida o'yin amaliyotisiz qolib ketgani sabab bo'ldi.

Yana bir jihati, 1:2 hisobida yutqazib turganimizda ham o'yin uslubimizni o'zgartirmadik, bitta hujumchi bilan qoldik. Deylik, o'sha natija qayd etilayotganida ozgina tavakkalchilikka qo'l urib, ijodkor futbolchimiz – Jamshid Iskanderovni maydonga tushirib, Eldor Shomurodov o'rniga Igor Sergeevni o'yinga qo'shib, gol urishga harakat qilsak bo'lardi. O'yin ohirigacha bitta vaziyat bo'ladigan bo'lsa, shundan foydalanib durangga erishishga umid qilishdi, murabbiylar. O'ylaymanki, o'shanda tavakkal qilsa bo'ladigan vaziyat edi. Shu bois bu o'yin ham yaxshi taassurot qoldirdi, ham kamchiliklarimizni ko'rsatib berdi.

Yigitlar dastlabki bahsdan to'g'ri xulosa chiqirishdi, deb o'ylayman va birinchi o'yinga nisbatan ishonchliroq harakat qilishadi va oxirigacha kurashib, O'zbekiston uchun kerakli natijaga erisha oladilar. Bu yo'lda milliy jamoamizga omad tilayman, yigitlarga ishonaman.

Bugun hech bo'lmaganda durang o'ynay olmasak imkoniyatimiz yo'q. To'g'ri, Portugaliya kuchli jamoa. Mutaxassis va muxlis sifatida futbolchilarimizdan ijobiy natija ko'rsatishlarini kutaman va durang natija qayd etishadi, deb o'ylayman», - deydi Baxtiyor Azamovich.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Portugaliya Portugaliya
  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar