Jon Terri: «Vaqtinchalik murabbiy bo‘lish imkoniyatini olmaganimdan hafsalam pir bo‘ldi»
«Chelsi» afsonasi Marreska ketganidan keyingi qaror haqida gapirdi.
«Chelsi»ning sobiq himoyachisi Jon Terri Enso Marreska iste’foga chiqarilganidan so‘ng jamoani vaqtinchalik boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmagani uchun hafsalasi pir bo‘lganini tan oldi.
Daily Mail xabariga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida «Chelsi» Marreska bilan xayrlashganidan keyin klub ikki o‘yin uchun vaqtinchalik murabbiy etib U-21 jamoasi ustozi Kalum Makfarleynni tayinlagan.
Teleboshlovchi Pirs Morgan ushbu qaror Terri tomonidan haqorat sifatida qabul qilingan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Sobiq futbolchi esa bu fikrga qo‘shilgan.
Terrining ta’kidlashicha, u klubga sodiqligi va tajribasini hisobga olganda, vaqtinchalik murabbiy vazifasiga munosibroq nomzod deb hisoblagan.
Shu bilan birga, «Chelsi» afsonasi uzoq muddatli tayinlovga da’vogarlik qilmaganini ham qayd etdi.
«Chelsi» har qanday insondan kattaroq klub. Bosh murabbiy bo‘lish uchun hali to‘liq professional yo‘lni bosib o‘tishim kerakligini tushunaman», — dedi Terri.
Ma’lumot uchun, Jon Terri 1998–2017 yillar davomida «Chelsi» safida o‘ynab, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli sardorlardan biriga aylangan. London klubi bosh murabbiyligiga esa 2026 yil 1 iyuldan boshlab Xabi Alonso tayinlangan.