Bugun, 23 iyun, Jahon chempionati-2026 guruh bosqich 2-tur doirasida Portugaliya — O‘zbekiston o‘yini bo‘lib o‘tadi. Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza bo‘lajak bahs borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Oson o‘yin bo‘lmaydi. Portugaliya birinchi turda Kongo DRga qarshi o‘z darajasini ko‘rsata olmadi. O‘zbekiston esa afrikaliklardan kuchliroq. Agar barchasi avvalgi bahsdagidek davom etsa, jiddiy qiyinchiliklarga duch kelamiz. Bugun bizning jamoa (Portugaliya) 3 ochko olishi shart, aks holda ular AQSHda uzoq qolishmaydi.
Afsuski, Ronaldu bahsni asosiy tarkibda boshlaydi. Vaholanki u tayyor emasligini ko‘rib turibmiz. U avvalgi o‘yinlarda ham tayyor emas edi. Bir qator futbolchilar optimal sport formasida emas», - deya agent so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Match TV».
Ma’lumot uchun, 1-turda Portugaliya Kongo DR bilan durang (1:1) qayd etdi. O‘zbekiston milliy jamoasi esa mundialdagi ilk o‘yinida Kolumbiyaga yutqazib qo‘ydi (1:3).