«Manchester Siti» va Angliya milliy jamoasi sobiq himoyachisi Joleon Leskott yangi mavsumda «Arsenal»ni Angliya chempionligi uchun asosiy da’vogar deb hisoblaydi.
«Hozircha prognoz qilishga juda erta, ammo men favorit sifatida «Arsenal»ni ko‘rsatgan bo‘lardim. Asosiy omillarni hisobga olsak, ularning chempionlikka erishish yo‘lida to‘siqlari kamroq bo‘lishi mumkin», — dedi Leskott Mirror nashriga bergan intervyusida.
«Arteta jamoa bilan ishlashda davomiylikni ta’minladi, futbolchilar esa endi o‘zlariga chinakamiga ishonishmoqda», — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
«Manchester Siti» yozda jiddiy o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Pep Gvardiola ketganidan so‘ng jamoani Enso Mareska boshqara boshladi. Leskott «shaharliklar» murabbiy tanlashda to‘g‘ri qaror qabul qilganini ta’kidladi.
«Pep ketganidan keyingi o‘tish davri muqarrar edi, ammo Enso bilan xatoga olib kelishi mumkin bo‘lgan jihatlar, ehtimol, kamroq. U klubni biladi, bu yerda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganini tushunadi va ko‘plab futbolchilar bilan tanish. Hozir futbolchilar bilan bunday aloqa juda muhim, shu sababli uning tayinlanishi mantiqan to‘g‘ri edi», — dedi Leskott.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 avgust kuni «Arsenal» va «Manchester Siti» Angliya Superkubogi uchun bahsda maydonga tushadi.