«Manchester Yunayted» «Bavariya» markaziy himoyachisi Kim Min-Jega qiziqish bildirmoqda. «Qizil iblislar» yozgi transfer oynasi yakunlanishi arafasida himoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Bayern Insider jurnalisti Kristian Falkning ma’lumotiga ko‘ra, 29 yoshli futbolchi «Manchester Yunayted»ning transfer ro‘yxatidan joy olgan. Angliya klubi uning Myunxen jamoasidagi vaziyatini muntazam kuzatib bormoqda.
«Manchester Yunayted»ning Kim Min-Jega qiziqishida jon bor. Avval ham aytganimdek, janubiy koreyalik futbolchi «Manchester Yunayted»ning transfer ro‘yxatida. Ular doimo “Bavariya”dagi vaziyatini kuzatib borishadi. Biroq Kim hozircha «Bavariya»da qolishni istamoqda va jamoasidagi hozirgi rolidan mamnun», — dedi Falk.
Kim Min-Je o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida «Bavariya»ning asosiy tarkibidagi o‘rnini yo‘qotgan. Shunga qaramay, myunxenliklar futbolchini tarkib uchun muhim futbolchi sifatida baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Kim Min-Je 2023 yilda «Napoli»dan «Bavariya»ga 50 million yevro evaziga o‘tgandi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi davom etmoqda.