"Barselona" yozgi transferlar doirasining so'nggi haftalarida bir vaqtning o'zida Joau Kanselu va Rodri transferlarini hal qilishga yaqin. Mashhur insayder Fabrizio Romano o'zining navbatdagi videosida kataloniyaliklarning ikki futbolchi bo'yicha muzokaralari, shuningdek, "PSJ", "Manchester Siti" va boshqa klublarning bir qator transfer rejalari haqida ma’lumot berdi.
Romanoning ta'kidlashicha, "Barselona" Rodri bo'yicha "Manchester Siti"ga uchinchi taklifini taqdim etgan. Tomonlar o'rtasida faol muzokaralar davom etmoqda va kataloniyaliklar transferni amalga oshirishga optimistik qaramoqda. Insayder "Barselona"da Rodri masalasida ishonch juda yuqori ekanini qayd etdi.
Romanoning fikricha, kelishuvning cho'zilayotganiga asosiy sabab Rodri "Manchester Siti" uchun alohida maqomga ega ekanidir. Ispaniyalik yarimhimoyachi klub tarixidagi eng muhim futbolchilardan biriga aylangan va "Siti" uning ketish istagini hurmat qilgan holda, transferdan munosib mablag' olishni xohlamoqda.
Kanselu bo'yicha vaziyat esa yanada aniq. Portugaliyalik himoyachi "Al-Hilol" bilan shartnomani bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda. Romanoga ko'ra, Kanselu faqat "Barselona"ga o'tishni istamoqda. Agar Saudiya klubi bilan kelishuvga erishilsa, kataloniyaliklar futbolchi bilan shartnomani rasmiylashtirishga tayyor. "Barselona" Kanseluni yaqin 48 soat ichida klubga qaytarishga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, "PSJ"da Zion Suzuki transferi kutilmaganda barbod bo'ldi. "Parma" darvozabonining Parijga o'tishi deyarli hal bo'lgan, hatto uni olib kelish uchun xususiy samolyot ham tayyorlangan. Biroq futbolchi tomoni bilan agentlik komissiyalari bo'yicha kelishmovchilik yuzaga kelib, muzokaralar to'xtagan. Endi "Aston Villa" Suzuki uchun kurashga qo'shildi va "Parma"ga 30 mln yevro hamda 5 mln yevro bonus taklif qilishga tayyor.
Romano "Manchester Siti" hali ham "Chelsi" yarimhimoyachisi Enzo Fernandesni olishga umid qilayotganini ham tasdiqladi. Futbolchining 120 mln funtlik bandidan foydalanish muddati o'tgani uchun endi "Siti" muzokara olib borishi kerak. Insayder transferni hali yopilgan deb hisoblamaslik lozimligini aytdi.
Bundan tashqari, "Barselona" kolumbiyalik hujumchi Luis Suares bo'yicha ham ma'lumot to'plagan. Biroq klub rahbariyati 80 mln yevro talab qilinayotgan transferni amalga oshirmaslikka qaror qilgan. Romanoga ko'ra, shartlar o'zgarmasa, bu transfer "Barselona" uchun yopilgan masala hisoblanadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi