“Villarreal” transferlar oynasining so‘nggi kunlarida Jorj Mikautadzeni jamoadan saqlab qolish choralari ko‘rmoqda. Ispaniya klubi gurjistonlik hujumchining shartnomasidagi tovon pulini mavsumning oxirgi 10 kunida 60 mln yevrodan 75 mln yevroga oshiradi, deb yozmoqda “Marca”.
“Villarreal” Mikautadzeni o‘tgan yozda “Lion”dan 30 mln yevroga xarid qilgan edi. Ayni paytda 25 yoshli hujumchining shartnomasida 60 mln yevro miqdoridagi tovon puli mavjud. Biroq, transferlar oynasining so‘nggi 10 kuniga kirilganda bu summa avtomatik ravishda 75 mln yevroga ko‘tariladi.
Bu qaror “Villarreal”ga futbolchini saqlab qolish uchun qo‘shimcha kafolat beradi. Shuningdek, agar boshqa klublar Mikautadzega jiddiy qiziqish bildirse, ispanlar muzokaralarda o‘z manfaatlariga mosroq pozitsiyaga ega bo‘ladi.
Hozirga qadar “Villarreal” Mikautadze bo‘yicha rasmiy taklif olmagan. Futbolchining vakillari ham klub rahbariyatiga boshqa jamoalardan aniq taklif kelgani haqida xabar bermagan. Senegal yarim himoyachisi Pap Gueye bo‘yicha esa “Everton” qiziqish bildirgan, ammo bu masala muzokaralar darajasigacha yetib bormagan.
Shunga qaramay, “Villarreal” rahbariyati transferlar oynasining so‘nggi kunlarida vaziyat keskin o‘zgarishi mumkinligini hisobga olmoqda. Klubning sport direktoriyasi ehtimoliy takliflarga tayyor turibdi.
Bunga o‘tgan mavsumdagi voqealar ham asos bo‘la oladi. O‘shanda “Villarreal” “Crystal Palace”ga Jeremi Pinoni aynan transferlar darchasining so‘nggi kunlarida sotgan va ushbu kelishuvdan tushgan mablag‘ning bir qismi Mikautadzeni xarid qilishga sarflangan edi.