«Fenerbahche» «Chelsi» vingeri Jeymi Gittens transferi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi.
Turkiya klubining ma’lum qilishicha, ayrim OAVda tarqalgan 22 yoshli futbolchiga qiziqish haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. «Fenerbahche» bunday ma’lumotlarni klubga bosim o‘tkazishga qaratilgan «sun’iy ravishda yaratilgan kun tartibi» deb atadi.
«Bugun ayrim OAVda klubimizning «Chelsi» futbolchisi Jeymi Gittensga qiziqishi haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Soxta transfer xabarlari va sun’iy ravishda yaratilgan kun tartibi orqali «Fenerbahche»ni manipulyatsiya qilishga urinishlar hech qanday samara bermasligini yana bir bor aniq ta’kidlaymiz», — deyiladi klub bayonotida.
«Fenerbahche» muxlislarni asossiz xabarlarga e’tibor bermaslikka va transferlar borasida faqat klubning rasmiy manbalariga tayanishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Gittens o‘tgan yozda Dortmundning «Borussiya» klubidan «Chelsi»ga 48 million funt evaziga o‘tgandi. O‘tgan mavsumda jarohat sabab APLda 16 ta bahsda maydonga tushib, gol ura olmadi.