«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn Germaniyada 2025/26 yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqdagi natijalar Kicker jurnali tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra e’lon qilindi.
Ovoz berishda Germaniya sport jurnalistlari assotsiatsiyasining 659 nafar a’zosi ishtirok etdi. Keyn 272 ta ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rin ham «Bavariya» futbolchisi Maykl Olisega nasib etdi. U 203 ta ovoz to‘pladi. «Shtutgart» hujumchisi Deniz Undav esa 61 ta ovoz bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Bu Keyn uchun Germaniyada yilning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritishdagi ilk muvaffaqiyat bo‘ldi.
Yilning eng yaxshi murabbiyi nominatsiyasida esa «Bavariya» ustozi Vensan Kompani g‘olib chiqdi. Belgiyalik mutaxassis 314 ta ovoz oldi. Ikkinchi o‘rinni «Frayburg» bosh murabbiyi Yulian Shuster 87 ta ovoz bilan, uchinchi o‘rinni esa «Shtutgart» ustozi Sebastyan Hyones 53 ta ovoz bilan egalladi.
Ma’lumot uchun, Germaniyada «Yil futbolchisi» sovrini 1960 yildan, «Yil murabbiyi» mukofoti esa 2002 yildan beri topshirib kelinadi. Futbolchilar orasida Frans Bekkenbauer 4 ta sovrin bilan rekordchi hisoblanadi. Murabbiylar orasida esa Yurgen Klopp va Feliks Magat 3 tadan mukofot bilan yetakchilik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Keyn va Kompani o‘z mukofotlarini «Bavariya»ning «Shtutgart»ga qarshi Bundesliga yangi mavsumidagi ilk uchrashuvi vaqtida «Alyans Arena»da qabul qilib oladi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi