Angliya Premyer-ligasining 11-turi doirasida «Lids» safarda Londonning «Chelsi» klubini 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar hujumchisi Dominik Kalvert-Lyuin bahsdan keyin o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Raqib ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirishini kutgandik. Ammo «Lids» tanaffusdan keyin ham birinchi bo‘limdagi kabi harakat qildi. Jamoamiz juda yuqori shiddat bilan o‘ynadi. Mezbonlar bunday sur’atga dosh bera olmadi va shu sababli yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi», — deya futbolchining so‘zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.
Kalvert-Lyuin ushbu bahsda 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun, ushbu g‘alabadan keyin «Lids» Premyer-liga turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarildi. «Chelsi» esa 7-pog‘onada bormoqda.