«Manchester Siti»ning sobiq darvozaboni Jo Xart jamoaning yangi bosh murabbiyi Enso Mareskaga ilk mavsumida haddan tashqari yuqori talablar qo‘yilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Italiyalik mutaxassis yozda «shaharliklar»ni 9 yil davomida boshqargan Pep Gvardiolaning o‘rnini egalladi.
«Albatta, klub barcha sovrinlar uchun kurashishni xohlaydi, ammo bu mavsumda Marezkaga avvalgidek bosim o‘tkazilmaydi. Jamoani tark etgan va hali kelmagan futbolchilarni hisobga olsak, bu tabiiy. Albatta, tashqaridan bosim va shov-shuv baribir bo‘ladi. Shu bilan birga, klubning ortida yetarlicha katta muvaffaqiyatlar va tajriba bor. Ular APL va Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozonish qanchalik qiyin ekanini tushunishadi. Ular muvaffaqiyatga shu qadar berilib ketmagan-ki, ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rin jamoa pasayib ketganini anglatadi, deb hisoblasin. Ular Mareskaga ishonishadi va uning tayinlanishini tavakkal qaror deb bilishmaydi», — dedi Xart BBC nashriga.
«Manchester Siti» mavsumni Angliya Superkubogida «Arsenal»ga qarshi mag‘lubiyat bilan boshladi. Xartning fikricha, klub bitta muvaffaqiyatsiz uchrashuvdan so‘ng shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaydi.
«Bu juda realist klub. Ularga yangi qarashlar kerak, ammo hozir vaziyatni nazorat qilish, hammaning xotirjamligi va diqqatini saqlash uchun eski maktab vakillari ishni o‘z qo‘liga olishi kerak. «Manchester Siti» bu natijaga haddan tashqari munosabat bildiradi, deb o‘ylamayman. Bu yomon o‘yin bo‘ldi, ayrim futbolchilar esa yetarlicha erkin harakat qila olishmadi», — deya qo‘shimcha qildi Xart.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» Angliya Superkubogida «Arsenal»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Eslatib o‘tamiz, «shaharliklar» yangi APL mavsumidagi ilk uchrashuvini 23 avgust kuni «Bornmut»ga qarshi o‘tkazadi.