Bugun
14
O'zbek

Kamoliddin Murzoyev: «So‘nggi turlarda Superliga o‘yinlarini kuzatish juda qiziqarli kechyapti»

Futbol
18 avgust, 06:02
18-21-avgust kunlarida Superliganing 18-tur bahslari o‘tkaziladi.
Kamoliddin Murzoyev: «So‘nggi turlarda Superliga o‘yinlarini kuzatish juda qiziqarli kechyapti»
Foto: PFL

Oldinda siz bilan bizni shubhasiz juda qiziqarli hamda murosasiz bahslar kutyapti.

O‘zbekiston futbolchi uyushmasi bosh direktori, sobiq futbolchi Kamoliddin Murzoyev tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini quyidagicha baholadi.

18-avgust
19:00. «So‘g‘diyona» - «Qizilqum»

- Doimgidek qiyin juftliklar. Ochig‘ini aytganda, so‘nggi turlarda Superliga o‘yinlarini kuzatish juda qiziqarli kechyapti. Chunki jamoalar o‘rtasidagi tafovut unchalik katta emas. To‘g‘ri, chempionlik uchun kurashadigan klublar aniqlangan. Pastki qismda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar aniqlangan bo‘lsa-da, baribir har turda qiziqarli hamda qiyin uchrashuvlar bo‘lib o‘tyapti.

«So‘g‘diyona» bilan «Qizilqum» teng raqiblar. So‘nggi uchrashuvlarga qaraydigan bo‘lsak, ustunlik jizzaxliklar tomonida. Oxirgi uchta o‘yinda g‘alaba qozonishgan. Lekin ikkinchi faktor ham borki, 100 foiz g‘alaba qozonadi, deb bo‘lmaydi. Chunki «Qizilqum» jamoasi ham ikkinchi davrada o‘zgarishlarni qilgan, murabbiy ham yangilangan. Menimcha, qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Imkoniyatlarga kelsak, 55\45 «So‘g‘diyona» foydasiga.

20:00. «Buxoro» - «Neftchi»

- Bu keyingi katta juftlik. «Buxoro»ni bu yilgi o‘tkazayotgan o‘yinlaridan maqsad yuqoriligi ko‘rinib turibdi. «Neftchi» yana bir bor chempionlikka erishib, natijalarga erishish yo‘lida kurashyapti. Bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvni Buxoroda o‘tishini inobatga olinib, 50\50 sifatida baholasak bo‘ladi.

19-avgust
19:00. OKMK - «Dinamo»

- Boya ta’kidlab o‘tganimdek, bir turda bir emas, 3-4 ta juda yaxshi qarama-qarshiliklar bo‘lyapti. O‘sha o‘yinlarni bir vaqtda yoki yarim soat farqi bilan boshlanganida qaysi birini ko‘rsam ekan, degan savollar ham bo‘lyapti. Murabbiylar va jamoalarning o‘yin uslublari tomonidan yana bir ikki teng raqib. Faqat so‘nggi turlarda o‘zlari xohlayotgan natijalarni ko‘rsata olmayotgan raqiblar. Bu yerda ham imkoniyatlarni 50\50 desak bo‘ladi.

20:00. «Mash’al» - «Andijon»

- «Mash’al» juda qiyin mavsumni o‘tkazyapti. Musobaqani yarmidan keyin boshlangan startda biroz o‘ziga kelib olgandek ko‘ringandi. Umuman olganda, juda qiyin ahvolda. Nazarimda, «Mash’al» «Andijon»ga qarshi o‘yinda borini tashlaydi. Chunki ularda ortiq chekinadigan yo‘l yo‘q. «Andijon» asta-sekinlik bilan o‘z o‘rnini topib olishga harakat qilayotgan jamoa. Shunday bo‘lsa-da, ular ham safarda o‘zini ko‘rsatishga intiladi. Tarkib va o‘sib kelayotgan o‘yin jihatidan biroz ustunlikni «Andijon»ga bergan bo‘lardim.

20-avgust
19:00. «Bunyodkor» - «Qo‘qon-1912»

- Bu yerda hammamizga ma’lum va achinarli holat. «Bunyodkor»ni juda qiyin holatdaligi va shu bilan birga o‘tkazayotgan uchrashuvlaridagi o‘yin uslubi ko‘pchilikka mamnun bo‘lyapti. «Navbahor»ga qarshi ham yaxshi o‘ynashdi. Ilyos Zeytullayev ilgari surayotgan futbol ko‘pchilikka yoqyapti. Qo‘qonliklar birinchi davrada bir qator uchrashuvlarda ko‘pchilikka yoqadigan o‘yinlar ko‘rsatgandi. Keyinchalik biroz omadi kelmayotgandi. «Bunyodkor»ni o‘z uyida o‘ynayotganini hisobga olib, biroz ustunlik 55\45 mezbonlar foydasiga. Kim ko‘proq ruhiy holatdan tayyor bo‘lsa yutib ketishi mumkin.

20:00. «Xorazm» - «Lokomotiv»
- Yana ikkita futbol o‘ynaydigan jamoalar. «Xorazm» har qanday raqibga qarshi maydonga tushayotganida qo‘rquv yo‘q, shijoati bor. «Lokomotiv» esa ochig‘ini aytaman, musobaqa boshlanganida beri o‘z o‘yini bilan to‘liq jalb qilayotgan va yoqayotgan jamoa. Menga o‘yini yoqadi. Maydon faktori aralashuvi bo‘lmasa 100 foiz 50\50. Chunki «Loko» uyda yo safarda bo‘ladimi, o‘zini futbolini qurayotgan jamoa. Menimcha, gollarga boy bo‘ladi va kim ko‘proq gol ursa o‘sha jamoa yutadi.

21-avgust
19:00. «Navbahor» - «Nasaf»

- Katta nomlar. Boshqa juftliklarga hurmat saqlagan holda ularni musobaqalarimizdagi o‘rni, ko‘rsatayotgan o‘yinlari nuqtayi nazaridan turning markaziy uchrashuvi bo‘ladi. Ikkala jamoa ham futbol o‘ynaydi. O‘yin Namanganda o‘tishini hisobga olib, biroz ustunlikni mezbonlarga beramiz. Tomoshabop o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman.

20:00. «Paxtakor» - «Surxon»
- «Paxtakor»ni OCHL pley-offida va chempionatdagi so‘nggi turda ko‘rsatgan o‘yinini hisobga olgan holda aytish mumkinki, boshqa raqiblarga nisbatan kattaroq ustunlik bergan bo‘lardim. Shu bilan birga «Surxon» «Paxtakor» uchun noodatiyroq raqibga ham aylanib boryapti. Buni ham esdan chiqarmaslik kerak. Imkoniyat 60\40 mezbonlar foydasiga.

Bugungi yangiliklar