O‘zbekiston o'smirlar jamoasi hujumchisi Asilbek Aliyev jahon chempionatining 1/16 finalidan o‘rin olgan Ispaniyaga qarshi bahsda ishtirok eta olmaydi.
Futbolchi guruh bosqichida ikkita sariq kartochka olgani sababli diskvalifikatsiya qilindi. Aliyev 23 noyabr kuni Yamaykaga qarshi bahsda (6:2) 72-daqiqada, 26 noyabr kuni Italiyaga qarshi bellashuvda (1:3) esa 37-daqiqada ogohlantirilgan.
FIFA intizom qoidalariga ko‘ra, bir musobaqaning ikki alohida bahsida sariq kartochka olgan futbolchi keyingi o‘yinni avtomatik ravishda o‘tkazib yuboradi.
Aliyevning yo‘qligi O‘zbekiston uchun sezilarli yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Hujumchi guruh bosqichida jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘ldi. Xususan, Yamaykaga qarshi bahsda uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Suhrob Sodirjonov va Amirxon Erkinov uning paslaridan unumli foydalandi.
Eslatib o‘tamiz, Sergey Chigodayev boshchiligidagi O‘zbekiston U17 jamoasi guruh bosqichini 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda yakunladi va eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida pley-offga yo‘l oldi. 1/16 finalda jamoaga Ispaniya raqiblik qiladi.