«Chelsi», «Tottenhem» va «Fulhem» «Volfsburg»ning o‘ng qanot himoyachisi Sael Kumbediga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Yevropa klublari skautlari 21 yoshli futbolchini zamonaviy qanot himoyachisining yorqin namunasi sifatida baholamoqda. Uning tezligi, jismoniy tayyorgarligi va chidamliligi hujumlarga muntazam qo‘shilish imkonini beradi. Shu bilan birga, futbolchi himoyada ham faol harakat qiladi.
Fransiyalik futbolchi 2026 yil yanvaridan buyon «Volfsburg» safida to‘p tepmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Kumbedining bozor qiymatini 12 million yevroga baholamoqda.