Penaltilar seriyasida bir yo‘la 4 zarba noaniq bo‘lgan holat jahon chempionatlari tarixida ilk bor qayd etildi. Bu haqda Opta Joe xabar berdi.
O‘yinning asosiy vaqti va qo‘shimcha bo‘limlari 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangach, g‘olib nomini futbol lotereyasida aniqlashga to‘g‘ri keldi. Seriyada Niderlandiya tarkibida Jastin Klyuyvert va Kvinten Timber, Marokash milliy jamoasida esa Neyl Yoni El-Aynaui va Ashraf Hakimi mo‘ljalda adashdi.
Natijada, marokashliklar 3:2 hisobida zafar quchdi. Hal qiluvchi zarbani Ismoil Saybari golga aylantirdi.
Eslatib o‘tamiz, 1/8 finalda marokashliklar mezbonlardan biri Kanadaga qarshi maydonga tushadi. O‘yin 4 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da start oladi.