2026 yildagi jahon chempionati 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan Meksika va Angliya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning boshlanish vaqti o‘zgartirildi. Bu haqda Mirror nashri xabar berdi.
Mexikoda bo‘lib o‘tadigan bahs mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da (Toshkent vaqti bilan 23:00) start oladi. Bu qaror chaqmoq xavfi tufayli qabul qilingan. Dastlab uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 05:00 ga belgilangandi.
Shu tariqa, Angliya milliy jamoasi dengiz sathidan taxminan 2200 metr balandlikda joylashgan «Azteka» stadionida kunduzi issiq havo va to‘la tribunalar sharoitida maydonga tushadi.
Meksika milliy jamoasi A guruhida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Angliya L guruhida peshqadam bo‘lgan. Ushbu bahs g‘olibi esa chorak finalga yo‘l oladi.
Qayd etish lozim, uchrashuv 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Fransiya — Iroq bahsida kuchli yomg‘ir kuzatilgani sabab ikkinchi bo‘limga oradan 2 soat o‘tib start berilgandi.