O'FA matbuot xizmati 2026 yilgi jahon chempionati chiptalari bo'yicha bayonot berdi.
«FIFA 2026 yilgi jahon chempionati uchrashuvlari uchun chiptalar savdosini bir necha bosqichda rasmiy onlayn platformalar orqali shaffof tarzda amalga oshirdi.
Qur'a tashlash marosimidan keyingi dastlabki savdo bosqichi 2025 yil 12 dekabrdan 2026 yil 13 yanvarga qadar davom etdi. Ushbu bosqichda futbol ixlosmandlari chipta xarid qilish uchun ariza topshirishdi.
Ariza bergan talabgorlar orasida chipta egalari 2026 yil fevral oyida Tasodifiy tanlov (Random Selection Draw) orqali aniqlandi hamda g'oliblarning bank kartalaridan to'lovlar avtomatik ravishda yechildi.
Shuningdek, 2026 yil mart–iyun oylarida FIFAning rasmiy chipta platformasi hamda VIP mijozlar uchun On Location Hospitality platformasi orqali qo'shimcha chiptalarni to'g'ridan-to'g'ri xarid qilish imkoni ham yaratildi.
Savdoning barcha bosqichlarida istalgan davlat fuqarolari rasmiy platformalar orqali istalgan jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar uchun ariza topshirish yoki mavjud bo'lgan chiptalarni to'g'ridan-to'g'ri xarid qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.
FIFA reglamentiga muvofiq, ishtirokchi jamoani uyushgan holda qo'llab-quvvatlovchi muxlislar uchun, ularning qaysi davlat fuqarosi bo'lishidan qat'i nazar, stadiondagi umumiy savdoga chiqariladigan o'rinlarning kamida 8 foizini xarid qilish huquqi taqdim etiladi.
Shunga ko'ra, stadion sig'imining 16 foizi o'zaro bahs olib borayotgan jamoalar muxlislari uchun, qolgan 84 foizi esa boshqa sektorlarda futbol tomosha qilishni xohlagan istalgan futbol muxlisi uchun umumiy savdoga chiqarildi.
Ushbu bosqichda O'zbekiston milliy jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun chipta narxlari FIFA tomonidan 140 AQSH dollaridan 700 AQSH dollarigacha, shuningdek, cheklangan miqdordagi joylar uchun 60 AQSH dollari etib belgilandi.
O'zbekiston milliy jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlarida uyushgan holda muxlislilik qilish uchun, asosan, darvoza ortidagi sektorlardan jami 14 073 dona chipta ajratildi.
Bu kvotadan 8064 dona chipta o'zbekistonlik ishqibozlar tomonidan FIFAdan to'g'ridan to'g'ri xarid qilingan. 6 009 dona chipta esa O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi, O'zbekiston futzal assotsiatsiyasi, O'zbekiston professional futbol ligasi, O'zbekiston futbolchilar uyushmasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari, professional futbol klublari, futbolchilar va ularning oila a'zolari, markazlashgan muxlislar jamoasi, sport tashkilotlari, davlat idoralari, homiylar hamda AQSHdagi vatandoshlar nomidan Mahalla USA tashkiloti uchun oldindan buyurtma berish maqsadida ajratildi.
Ushbu buyurtmalar bo'yicha chiptalar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarga FIFA tomonidan belgilangan narxda va hech qanday qo'shimcha xizmat haqi undirilmagan holda taqdim etildi.
FIFA reglamentiga muvofiq, chipta egalari xarid qilingan chiptalarni FIFA rasmiy chipta ilovasi orqali boshqa shaxslarga elektron tarzda yuborish yoki qayta sotish huquqiga ega. Buning uchun FIFAning rasmiy chiptalarni qayta sotish platformasi (Resale Platform) faoliyat yuritadi.
Shu sababli O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi xarid qilingan chiptalarning qayta sotilishiga taqiq o'rnatishi yoki ushbu jarayonni cheklash vakolatiga ega emas», — deyiladi xabarda.