Assotsiatsiya 2-iyul kuni mazkur taqiq haqida Ligani rasman ogohlantirdi.
Avvalroq «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchisi oldida yuzaga kelgan qarzdorlikni rasman tan olgan bo‘lib, keyinchalik uni besh yil davomida bosqichma-bosqich toʻlab borish yuzasidan Rivaldo bilan kelishuvga erishgandi.
2024 va 2025-yilgi mavsumlar davomida klub besh yillik kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajardi. Biroq 2026-yilga kelib, klub taʼsischisi va bosh homiysi hisoblangan Oʻzbekneftgaz AJ «Bunyodkor» futbol klubini moliyalashtirishni toʻxtatgach, klub joriy yilning may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak boʻlgan qarzdorlikning navbatdagi toʻlovini bajara olmadi.
Shundan soʻng Rivaldo FIFAga qayta shikoyat kiritdi. Qoʻshimchasiga, «Bunyodkor» bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar ham bekor qilindi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda yozgi transfer oynasi 10-avgustga qadar davom etadi. Endilikda «Bunyodkor» yangi futbolchilarni Liga roʻyxatidan oʻtkaza olmaydi. Klub mavjud futbolchilar bilan mavsumni yakunlashi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA roʻyxatida mavjud boʻlgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik oʻz qaydnomasiga qoʻshishi mumkin boʻladi.
Joriy yilning 23-iyun sanasidan keyin «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qabul qilingan yosh futbolchilar ham mazkur taqiq doirasida klub uchun roʻyxatdan oʻta olmaydi.