Bu haqda italiyalik jurnalist Matteo Moretto xabar berdi.
Fransiya milliy jamoasi va «Milan» klubi kiperi Mayk Menyan faoliyatini Angliya premer-ligasida davom ettirishi mumkin.
Insayderning ma’lumotiga ko‘ra, golkiper xizmatlariga «Chelsi» klubi qiziqish bildirmoqda. London klubi yozning avvalida futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istagandi. Menyanning o‘zi ham «Stemford Brij»ga ko‘chib o‘tishni istamoqda va transfer amalga oshishi uchun qo‘lidan kelganini qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Mayk 2021-yilda «Lill»dan 16 million yevro evaziga «Milan»ga ko‘chib o‘tgan. Uning amaldagi shartnomasi 2031-yilning 30-iyunigacha mo‘ljallangan.
2025/26-yilgi mavsumda golkiper «rossoneri» safida 41 ta o‘yinda maydonga tushdi va 38 ta gol o‘tkazib yubordi.