Live
7
O'zbek

Dilshod Komilov: "BAA va Iroqdan takliflar bor edi, ammo ketish haqida oʻylamadim"

Eksklyuziv
3 iyul, 11:01
Futbolchi "Navbahor"da toʻp tepmokda.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Dilshod Komilov: "BAA va Iroqdan takliflar bor edi, ammo ketish haqida oʻylamadim"
Фото: Навбаҳор ПФК

Temur Kapadze "Navbahor" bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangach, jamoani ajoyib ijrochilar bilan toʻldirdi. Ulardan biri himoyachi Dilshod Komilov boʻlib, qishda uning xaridorlari koʻpchilikni tashkil etgandi. Futbolchi esa "Navbahor"ni tanladi.

Kecha namanganliklar Turkiyaning nomdor klublaridan biri – "Istanbul Bashashahir" bilan oʻynadi va 4:2 hisobida gʻalaba qozondi. Komilov shu va boshqa savollarga javob berdi.

- Dilshodbek, "Navbahor" Turkiyadagi yigʻini doirasida Shomurodov va Fayzullayev jamoasi – "Istanbul Bashakshehir" bilan oʻynadinglar va 4:2 hisobida gʻalaba qozondinglar. Oʻyin qanday oʻtdi?

- Assalomu alaykum. Ushbu oʻyinga uch soat yoʻl bosib kelib, issiqda oʻynash biroz qiyin boʻldi. Lekin, shunga qaramay, raqibga qarshi juda yaxshi oʻyin oʻtkazdik, deya olaman. Shiddatli kurashlarga boy, juda foydali bellashuv boʻldi.

- Balki bu natijani koʻpchilik kutmagan boʻlishi ham mumkin. Chunki raqib Turkiyada oʻziga yarasha nomi bor jamoa. Ular asosiy tarkibi bilan oʻynadimi yoki yoshlar jamoasimidimi? Sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Eldor Shomurodov va Abbos Fayzullayevni hisobga olmaganda ularning asosiy tarkibiga qarshi oʻynadik. Toʻgʻri, balki gʻalaba qozonishimizni koʻpchilik kutmagandir. "Istanbul Bashakshehir" jamoasi Turkiyada oʻz oʻrnini topgan klub. Biz yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Shunga yarasha harakat qilib gʻalaba qozondik. "Istanbul Bashakshehir" menda iliq taassurot qoldirdi.

- Milliy jamoa bilan mundiaida ishtirok etgan Oʻtkir Yusupov bilan Ruslan Jiyanov "Navbahor" ixtiyoriga qanday kayfiyatda qaytishdi?

- Oʻtkir aka bilan Ruslan tarkibimizga kelib qoʻshilishganiga ikki kun boʻldi. Shunday boʻlsa-da, ushbu uchrashuvda harakat qilishdi, kayfiyatlari yaxshi.

- Hozircha 11 ta turda Superligada 5 ta, Kubokda 3 ta oʻyin maydonga tushdingiz. Jamoada raqobat oʻta kuchlimi yoki boshqa sababi bormi?

- Mavsum boshida jarohat oldim. Shu sababli biroz qiynaldim. Raqobat bor, albatta bu normal holat.

- Eshitishimcha, siz yozda jamoani oʻzgartirishga qarshi emassiz. Shu rostmi?

- Yoʻq, ketish haqida oʻylamaganman. Bu xususida endi sizdan eshityapman.

- Xizmatingizga aniq takliflar bormi? Chetga ketishingiz mumkinmi?

- Chetdan taklif boʻldi. Lekin, hozir ketish haqida oʻylamadim.

- Aynan qaerdan takliflar boʻldi?

- BAA va Iroq jamoalaridan takliflar kelib tushgandi.

- Umuman, "Navbahor"dagi kelajagingizni qanday koʻrayapsiz?

- Hozirgi maqsadim "Navbahor"da koʻplab gʻalabalarga hissa qoʻshib, oldimizga qoʻyilgan vazifani bajarish. Xudo xohlasa, muxlislarimizni oʻyinlarimiz bilan xursand qilib, jamoani xalqaro arenaga qaytarishga harakat qilamiz.

- Odatda, Turkiyada doim qishda yigʻin oʻtkaziladi. U yerda yozda yigʻin oʻtkazish qanday tuyulyapti?

- Bizni yigʻin oʻtkazayotgan joyimizni havosi yaxshi, togʻli hudud. Tayyorgarlik olib borish uchun hamma sharoit bor. Oʻylaymanki, har tomonlama juda foydali boʻlyapti. Raqiblar ham nihoyatda sifatli, kuchli jamoalarga qarshi oʻtkazilyapti. Bu ham biz uchun yaxshi.

- Temur Kapadze jamoada avvalo nimani oʻzgartira oldi, deb oʻylaysiz?

- Jamoada har jihatdan oʻzgarish boʻldi. Oʻyin tarafiga, tayyorgarlik yondashuvi, hammasi yaxshi. Ijobiy tomonga oʻzgarib boryapti. Maqsad bor, harakat bor. Xudo xohlasa, toʻgʻri yoʻldamiz, deya olaman. Ishqibozlarni xursand qilib, Superligada ham, Kubok bahslarida ham chempionlik uchun kurashamiz.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
Bugungi yangiliklar