«Andijon» klubi «Bobur arena»da «Xorazm»ni 1:0 hisobida mag'lub etdi va navbatdagi uch ochkoni oʻz hisobiga yozdirib qoʻydi. Uchrashuvdan keyin g'olib jamoa ustozi Islom G'ulomovich Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugungi g'alaba bilan barcha andijonlik muxlislarimizmin chin qalbimizdan tabriklaymiz. Oʻyinga kelsak, oson kechmadi. Bundan buyog'iga ham jamoalar yetarlicha qarshilik koʻrsatishadi. Oson uchrashuvlarni oʻzi yo'q. Bu nimadan dalolat? Barcha klublar kuchayib boryapti. Shuning uchun bu uchrashuvni oson boʻlmasligini oldindan bilgan edik. Shu sababli futbolchilarga tushuntirdik. Ularga rahmat aytamiz, muvozanatni yoʻqotmasdan oxirigacha hujumkor oʻynashga harakat qilishdi. Himoyalanayotgan jamoaga gol urish juda ham qiyin. Lekin qanotlarni oʻzgartirdik va oxirida raqib darvozasiga yoʻl topa oldik.
- Jamoa «Neftchi» bilan yaxshi oʻynagandi. Oxirgi ikkita turda esa kreativlik yetishmagandek. Raqibga moslashib oʻynayotgandek taassurot uyg'otyapti. Kuchlilarga qarshi kuchliroq va oʻrtayominayolarga qarshi shunga yarasha oʻynayotgandek…
- Unday demagan boʻlardim. Chunki hozir aytganimdek, kuchsiz jamoani oʻzi yoʻq. «Xorazm»ni oʻyinlarini ham tahlil qilganimizda juda yaxshi oʻyin koʻrsatishgan. Kuchsiz deb hisoblamayman. Himoyalanayotgan jamoaga qarshi oʻynash qiyinroq. Ochiq, hujumkor oʻynaydigan klublarga qarshi bellashuvlarda bizda vaziyatlar koʻproq boʻladi. Chunki oldinga oʻtayotganda orqada boʻsh hududlar paydo boʻladi. Himoyaviy oʻynayotgan jamoalarni yorib oʻtish biroz qiyinroq kechyapti.
- «Xorazm» birinchi daqiqadan besh nafar himoyachi bilan oʻynadi. Har bir jamoada A va B rejalari boʻladi. Ikkinchi boʻlim boshidanok ikki nafar hujumchi bilan oʻynasa boʻlmasmidi?
- Rejamizda bor edi. Oʻyinni boshidan oʻzgartirib yuboradigan boʻlsak, oʻxshamay qolishi mumkin. Chunki markazni berib qoʻyishimiz hech gap emasdi. Unday boʻlsa, toʻpni nazorat qila olmay qolishimiz ham mumkin edi. Agar gol urmaydigan boʻlsak, yana ikkinchi hujumchini ham tushirish rejamizda bor edi.
- Zaxiradan maydonga tushgan oʻyinchilardan koʻnglingiz toʻlgan boʻlsa kerak. Gʻalabaga Cheran, Sulaymonov, Boake kabi futbolchilar ham oʻz hissalarini qoʻshishdi…
- Zaxiradan maydonga tushib oʻyinni yanada kuchaytirib berishyapti, koʻnglimiz toʻldi. Gʻalabaga yuqori hissasini qoʻshishdi.
- Shohmalik Komilov zaxirada qolayapti. Buni sababi nimada?
- Shohmalik juda iqtidorli oʻyinchi. Imkoniyat boʻladi. Ochigʻi, bizda markazda raqobat juda kuchli. Shohmalik mashgʻulotlarda oʻzini yaxshi koʻrsatyapti. Albatta, unga ham imkoniyat beramiz.
- «Andijon» U21 ishtirokidagi oʻyinlarda negadir asosiy jamoa murabbiylar shtabini koʻrmaymiz…
- Doim Youtube tarmogʻi orqali oʻyin toʻgʻridan-toʻgri efirga uzatiladi va biz kuzatib boramiz. Qolaversa, uchrashuvdan keyin shaxsan oʻzim oʻyinni yana takroran koʻrib chiqaman. Murabbiylar bilan bu xususida maslahatlashamiz, gaplashamiz. Ular nazoratsiz qolmagan. Doim yoshlar jamoamiz oʻyinlarini ham tahlil qilamiz. Faqat bizda oʻyindan bir kun oldingi mashgʻulotimiz koʻpincha oʻyin vaqtiga toʻgʻri kelib qolayotgani uchun bora olmayapmiz. Lekin albatta, vaqt topamiz.
- Muhammadkarim Toirov qaydnomada koʻrinmadi…
- Kechagi mashgʻulotimizda mikrojarohat olib qoldi. Xudo xohlasa, «Paxtakor» bilan oʻyinga yetib boradi, degan umiddamiz», - deya Islom Ahmedovning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.