25 avgust kuni "Andijon" Superliga 19-turi doirasida "Bobur arena"da "Xorazm"ni qabul qiladi.
Birinchi davradagi bahsda "burgutlar" 3:0 hisobida g'alaba qozongan va gollardan biriga Humoyunmirzo Iminov mualliflik qilgandi. Futbolchi o'tgan yili aynan urganchliklar safida to'p tepgan. Hozirda "Andijon" safida o'ynayotgan yarimhimoyachi sobiq jamoasiga qarshi bahs oldidan klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Humoyunmirzo, "Andijon"ning navbatdagi raqibi "Xorazm" bo'lib, bu sizning sobiq jamoangiz sanaladi. Xo'sh, bo'lajak bahsdan nima kutyapsiz va tayyorgarlik qanday kechmoqda?
- Assalomu alaykum. "Xorazm" — juda yaxshi jamoa va u erda iliq xotiralar qolgan. Ertangi bahsga tayyorgarlik a'lo darajada bo'lmoqda. Biz har bir o'yinda maydonga g'alaba uchun chiqamiz. Xudo xohlasa, g'alaba qozonib, "Andijon" muxlislari oldida yuzimiz yorug' bo'lishini xohlayman.
— Birinchi davrada Urganchdagi o'yinda jamoamiz 3:0 hisobida g'alaba qozongan va gollardan biriga siz mualliflik qilgansiz. Andijondagi o'yinda ham yana sobiq jamoangiz darvozasiga gol urish niyatingiz bormi?
- Ha, birinchi davrada gol urgandim. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada ham shuni takrorlashga harakat qilaman. Muhimi — jamoamiz 3 ochkoni qo'lga kiritishi.
- Raqibdan kelib chiqib, o'yinda asosiy e'tibor nimaga qaratilishi kerak, deb hisoblaysiz?
- "Xorazm" aytib o'tganimdek, yaxshi jamoa. Lekin biz raqibimizga qarab emas, o'z o'yinimizni ko'rsatishimiz kerak, deb o'ylayman. Har bir jamoaning o'z kuchli tarafi bor. O'z o'yin taktikamizda yaxshi darajada o'ynab g'alaba qozonishimiz muhim.
— Siz uchun gol urish muhimmi yoki golli pas uzatishmi?
- Men uchun gol yoki pas...Jamoamga yordam berib, g'alaba qozonishimiz muhim.
- "Bobur Arena"da to'p tepish siz uchun nimani anglatadi?
- "Bobur arena"da O'zbekistondagi eng yaxshi muxlislar bor. Ularning qarshisida o'ynash juda maroqli va yoqimli.
- 25 avgust kungi o'yinda muxlislarimizga nimani vada bera olasiz?
- Qo'limizdan kelganicha g'alaba uchun harakat qilamiz. Har turda biz faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. Nasib qilsa, 25 avgustda ham g'alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilamiz. Ularning qo'llab-quvvatlashlarini so'rab qolaman.
Humoyunmirzo Iminov: "Xorazm"ga yana gol urmoqchiman"
Futbol
24 avgust, 15:18
"Andijon" yarimhimoyachisi sobiq jamoasiga qarshi bahs oldidan klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Foto: FC Andijon
25.08.2026, 10:00
O‘zbekiston Superligasi
Andijon
-
:
-
Xorazm