Live
9
O'zbek

Aleksandr Xomyakov: "Menimcha, 1:1 adolatli natija"

Eksklyuziv
24 avgust, 13:22
"Buxoro" ustozi "Qo'qon-1912"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Aleksandr Xomyakov: "Menimcha, 1:1 adolatli natija"
Фото: Бухоро ПФК
24.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qo'qon-1912 Qo'qon-1912 1 : 1 Buxoro Buxoro

Superliganing 19-turi davom ettirildi. Qo'qonda "Qo'qon-1912" jamoasi "Buxoro"ni qabul qildi. Mehmonlar yutqazayotgan paytda qo'shimcha daqiqada gol urib durangga erishib qoldi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida buxoroliklar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.

— Menimcha, futbolni tushunadiganlar bugungi kabi o'yinda durang natija qayd etishni muvaffaqiyatli natija, deb hisoblashadi. Shuning uchun yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular qo'lni tushirib qo'yishmadi, oxirigacha o'yinni davom ettirishdi. Menimcha, 1:1 — adolatli natija.

- O'yin paytida hakamlarni qarorida ko'p bor norozi bo'ldingiz va sariq kartochka ham oldingiz. Hakamlik xususida nima deya olasiz?

- Hakamlik haqida nima deyishim mumkin? Menga ham sariq kartochka berishdi. Umuman, bugun ko'pchilikka sariq kartochka berildi. Agar xohlashsa, qizil kartochka ham berishlari mumkin edi. Bilmayman, albatta, buni mutaxassislar yaxshiroq, xolisroq baholab berishadi.
Boshqa tomondan qaraganda, futbolchi maydon markazida o'ynayapti, uning atrofida yana uch nafar himoyachi bor. U qayoqqa qochishi kerak? Qayoqqa qochadi? "Hujumni uzdi", deyishyapti. Qanday hujumni uzdi? Nima uchun hujumni uzdi? Balki, qoidalarni talqin qilish o'zgargandir. Har safar qandaydir yangilik paydo bo'ladi.

Hozir futbol shunday bo'lib qoldiki, hujumchiga o'ynash juda osonlashib ketdi. Unga himoyachidan uzilish ham shart emas. Shunchaki himoyachining tirsagini topib, yiqilishi kifoya. Tamom. Hozir futbol baletga tobora yaqinlashib bormoqda.
Shuning uchun aytaman: mening nazarimda, hujumchilarga o'ynash tobora osonlashyapti. U yerda turib kurashish, jismoniy jihatdan olishish shart emas. Istagan tomonga yugurish mumkin, asosiysi — vaqtida biror joyga o'zingizni tashlab, yiqilish.

Shuning uchun bugungi o'yin haqida yana bir bor aytaman: uchrashuv vaziyatlarga boy yoki juda tomoshabop bo'ldi, deb ayta olmayman. Katta hisobda bitta-ikkita xatoning o'zi natijani hal qildi. Shuning uchun shunday natija qayd etildi. Har ikki jamoa ham harakat qildi, mening yigitlarim ham o'zlarini yaxshi ko'rsatishdi. Shu bois 1:1 — umuman olganda, adolatli natija.

- Jamoangizni sovrinli o'rinlar uchun kurashishini aytgandingiz. Bu boradagi imkoniyatni qanday baholaysiz?

— Men "sovrinli o'rinlar uchun kurashamiz", deb aytganimni eslay olmayapman. Men faqat hozircha shu o'rinda ekanimizni va shu pozitsiyani saqlab qolish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilishimizni aytganman. "Biz aniq sovrinli o'rinlar uchun kurashamiz", degan gapni aytmaganman. Balki, noto'g'ri tarjima qilingan yoki siz noto'g'ri tushungansiz. Bunday o'yin bilan bu juda qiyin. Siz o'zingiz ham ko'rib turibsiz: bu yerda sifatli futbol namoyish etish oson emas. Shuning uchun o'yinlar ham ancha keskin va jiddiy xarakter kasb etadi.

Nima uchun bunday ekanini bilasizmi? Agar futbolni yaxshi tushunsangiz, bu yerda sifatli futbol ko'rsatish qanchalik qiyinligini bilasiz. Shu sababli o'yinlar juda keskin o'tadi va natija ko'pincha bitta xato evaziga hal bo'ladi. Biz ham aynan shunday bo'lishini oldindan yaxshi taxmin qilgandik. O'yin oson bo'lmasligini bilardik. Hozircha yuqori o'rinlarda ekanimizga kelsak, men aytganman: shu pozitsiyada ilinib qolish, uni saqlab qolish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Hozircha shukrki, buning uddasidan chiqyapmiz.

- Maydon sifati borasida nima deya olasiz?

- Agar jamoalarga bu maydonda o'ynashga ruxsat berilayotgan bo'lsa, demak, tegishli mutasaddilar mendan ko'ra ko'proq tushunishadi va o'yinlarni shu maydonda o'tkazishga qaror qilishgan.
Maydon hamma uchun bir xil. Agar hozir "maydon bizga halaqit berdi", degan gaplar bo'layotgan bo'lsa — yo'q. Maydon raqib uchun ham qanday bo'lgan bo'lsa, biz uchun ham shunday edi. Shuning uchun bu yerda hech qanday fojia yo'q. Bunga hech narsa qila olmaysiz. Odatda ham avgust oyida maydonlar ancha qiynalib qoladi", - deya Xomyakovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • Buxoro Buxoro
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar