Superligada 19-turga start berildi. Bugun Farg‘onada amaldagi chempion – «Neftchi» «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qildi.
Uchrashuvda katta ustunlikka erishgan maydon egalari buni tablovda ham aks ettirishdi va 3:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida quyidagilarni aytdi:
- Bu g‘alabamizni birinchi navbatda kecha Muhtaram Prezidentimiz tomonidan viloyatimiz hokimi Xayrulla Xayitbayevich fidokorona mehnatlari uchun orden bilan taqdirlandi va shu insonga bag‘ishlaymiz. Farg‘ona futbol rivoji uchun juda katta ishlarni amalga oshiryapti. Kecha futbolchilar bilan gaplashib, jamoa va Farg‘ona futboli uchun juda katta mehnat qilayotgan ushbu insonga g‘alabamiz bilan kichik tuhfa qilishni kelishib oldik. Yigitlarga rahmat, vadalarini ustidan chiqishdi. Ishonchli g‘alabaga erishdik. Birinchi taym va ikkinchi taymni 20-daqiqasigacha intensiv tezkor futbol namoyish etdik. Bu o‘yinni ushlab qolishni o‘zi qiyin narsa. 20-daqiqagacha juda ko‘plab hujumlar uyushtirdik va imkoniyatlar yaratdik. Ammo vaziyatlarimizdan foydalana olmadik, keyingisidan foydalandik. Doimiy ravishda intensiv va hujumkor o‘ynaydigan bo‘lsak, bu yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak. Bu bo‘yicha birinchi taymdan keyin ham o‘yinchilarga ko‘rsatma berdik. Muxlislar o‘yin sifatini ko‘rmoqchi bo‘lsalar, buning yagona yechimi tezlik. Ikkala jamoa tez harakat qilgandagina o‘yin sifati oshadi. Chunki sekin futbol avtomatik ravishda o‘yinni sekinlashtiradi. Ishqibozlarga yoqmasligi aniq. O‘yin tezlashganida futbolchilar katta kuch yo‘qotishyapti. Bir futbolchi kerak bo‘lsa 60-70 metr masofa bosib o‘tyapti. Bunaqa holatni o‘yin davomida doim qaytarishimiz va qarshi hujumlarni o‘tkazib yubormasligimiz uchun juda katta mehnat talab qilinadi. O‘yinchilar buni asta-sekinlik bilan tushunib borishyapti. O‘ylaymanki, birinchi taymni 20 daqiqasi va ikkinchi taymni 15-20 daqiqasida mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik. Ayniqsa, hujumga o‘tish fazalarida katta tezlikda harakat qilishdi. Shuni hisobiga ko‘p imkoniyatlar yaratdik. O‘yindan ko‘nglim to‘ldi, to‘liq nazorat qildik. Raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadik.
- Doriyevga alohida o‘yinchi biriktirilganmidi?
- Yo‘q, biz aynan qaysidir futbolchiga personal o‘yinchi qo‘ymaymiz. Bundan yiroqmiz. Doriyevni o‘rganib chiqqandik va «So‘g‘diyona» bilan o‘ynaganimizga hali hech qancha bo‘lgani yo‘q. O‘tgan safar ham Doriyevni zararsizlantirgandik. Chunki «So‘g‘diyona»ni o‘yini asosan Doriyevni atrofida qurilgan. Ko‘p golga assist beradi, o‘zi ham ko‘p gol uradi. Shuni hisobiga qachonki u to‘pni qabul qilganida atrofida uch nafar o‘yinchi bo‘lishini ta'minladik. Qanotdagi o‘yinchilarimiz ko‘rsatmalarni a’lo darajada bajardi. Doriyevni to‘liq zararsizlantira oldik, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik.
- Jarohatlangan futbolchilar «Paxtakor» bilan o‘yinga qadar tiklana olishadimi?
- Bu og‘riqli savol. Oson bo‘lmayapti, yetakchi o‘yinchilarimiz yo‘q. Tezroq qaytishlarini kutyapmiz. Katta ehtimol bilan qiyin holat. Shifokorlar, mutaxassislar maksimal ravishda ularni tezroq jamoaga qaytarish uchun ishlashyapti. «Paxtakor» bilan uchrashuvgacha tezroq safga qaytishlariga umid qilib qolamiz. O‘yin uslubimiz shakllanib borayotgan paytda futbolchini jarohati o‘yin tizginini izdan chiqarishi mumkin. Shunga qaramasdan qolgan futbolchilar ham juda katta hajmdagi ishni bajarishyapti. Tarkibimizdagi o‘yinchilar yo‘qligini bilintirishmayapti.
- Jamoa qanotlardan ko‘proq hujumlar qilyapti. Bu sizni taktikangizmi yoki raqibdan kelib chiqib shunday yo‘l tutilyaptimi?
- O‘zi qanotdan hujum qilish tarafdori emasman. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yiniga beriladigan ko‘rsatmalarda ham kamroq qanotlardan hujum qilishni aytamiz. Maqsadimiz tezroq darvozaga yo‘l topish va unga olib boradigan yo‘llarni qidirish. Ko‘p jamoalar bizga qarshi uchrashuvlarda chuqur himoyalanishmoqda. Kerak bo‘lsa, 10 kishi bo‘lib himoyalanishyapti. Mana shunday paytlarda biz iloji yo‘q qanotlardan o‘ynashga majbur bo‘lyapmiz. Sababi, raqibni joyidan qo‘zgatish uchun qanotlardan hujumlar qilishga to‘g‘ri kelyapti. Agar qanotlardan uzatmalar samarali bo‘lsa bu ham aslida foydamizga ishlaydi. Afsuski, bu bo‘yicha oqsayapmiz. Mashg‘ulotlarda bunga ham alohida e’tibor qaratyapmiz va o‘ylaymanki, bu borada ham faollikka erishamiz», - deya bosh murabbiyning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.