Superliga 18-tur doirasidagi «Paxtakor» — «Surxon» o'yinida yuzaga kelgan bahsli vaziyat yuzasidan Ekspert hakamlar guruhi xulosasi taqdim etildi. Bu haqda O'zFHM matbuot xizmati xabar berdi.
«Superliga 18-turidan o'rin olgan «Paxtakor» — «Surxon» uchrashuvi (0:0)ning 90+4-daqiqasida «Paxtakor» jamoasi tomonidan gol urildi. Mazkur vaziyat VAR hakami tomonidan ko'rib chiqildi. Shundan so'ng bosh hakam VAR hakamining ma'lumotiga asoslanib golni bekor qilish to'g'risida qaror qabul qildi.
Ekspert hakamlar guruhi xulosasiga ko'ra, ushbu vaziyatda VAR hakami xatoga yo'l qo'ygan. Ya'ni, VAR hakami bosh hakamni vaziyatni monitor orqali qayta ko'rib chiqishga chaqirmagan va shu bilan VAR protokoli talablarini buzgan.
Natijada bosh hakam vaziyatni shaxsan monitor orqali ko'rib qaror chiqmasdan, VAR hakamining ma'lumotiga asoslanib golni bekor qilgan.
Ravshan Abduvohidov VAR protokoli talablarini buzgani inobatga olinib mavsum yakuniga qadar VAR hakamligidan chetlatildi», — deyiladi xabarda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi