Toshkentning «Paxtakor» klubi jamoaning «Surxon»ga qarshi oʻyin (0:0)ida ishlagan hakamlar ustidan shikoyat kiritdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
«Superliga 18-turidan oʻrin olgan «Paxtakor» — «Surxon» oʻyinining 90+3-daqiqasida Xojimat Erkinov tomonidan urilgan gol hakamlar tomonidan bekor qilindi. «Paxtakor» jamoasi kamerasidan olingan kadrda ofsayd yoʻqligi koʻrinib turibdi.
Golni bekor qilish jarayonida VAR tizimi orqali hakamlarning qanday muloqotda boʻlgani biz uchun qiziq. Ofsayd ehtimoli bor futbolchi toʻgʻridan-toʻgʻri toʻpga oʻynamagan, darvozabon toʻpni bemalol qarshiliksiz toʻxtatib, tepib yuborish jarayonida xatoga yoʻl qoʻygan.
Bu holatda oʻyin davom ettirilib, navbatdagi holatga (faza) oʻtib ketgani sababli golni VAR orqali bosh hakam oʻzi koʻribgina bekor qilishi mumkin — futbolchining raqibga xalal berish holati boʻyicha (oʻyindan tashqari holat boʻlgan holatda).
Qoidalarga koʻra, himoyalanayotgan jamoa futbolchisi toʻpga ongli oʻynagan-oʻynamaganini aniqlashda bosh hakam monitor oldiga chaqirilishi kerak.
Toʻp uzoq masofadan aniq koʻrinib turgan holda yetib kelgan, sekin harakatlangan, himoyalanayotgan jamoa futbolchisi toʻpni nazorat qilish va tana harakatini muvofiqlashtirish uchun yetarli vaqtga ega holatda ofsaydni aniqlash VAR protokoliga koʻra, bosh hakamni monitorga chaqirish orqali bekor qilinishi mumkin.
Biroq VAR hakami bu golni qanday qilib bekor qilgani bizga qorongʻu. Agar biz shaffoflik, ochiqlik bilan ishlayotgan boʻlsak, unday holda VAR audioyozuvlarining OʻzFHM tomonidan eʼlon qilinishini kutamiz.
OʻzPFLdan ham bu masalada koʻmak kutamiz, chunki bu tashkilot klublar huquqini himoya qilishda ishtirok etishi lozim. Oʻzbek futbolida adolat, ochiqlik va shaffoflikni istasak, unda har bir oʻyinda muhokamalarga sabab boʻlgan holatlar audioyozuvlari ochiqchasiga taqdim etilsin.
Hakamlar tayinlanuvi borasida ham savollar yetarlicha. 5 yilga futboldan chetlatilgan va uzoq vaqt oʻyinlarni boshqarish amaliyotisiz yurgan Jasur Muxtorov 2026 yilning oʻzida, hakamlikka qaytganining toʻlaqonli birinchi yilida hozirgacha 11 bellashuvda bosh hakam sifatida ishladi.
Birinchi mavsumning oʻzida bunchalik koʻp oʻyinlarda ishlash jahon darajasidagi hakamlarga ham nasib etmagan. Oʻyin davomida u futbolchilarimizga nisbatan ishlatilgan bir nechta qoʻpolliklarni eʼtiborsiz qoldirdi.
Muxtorov 2 tur avval Toshkentda «Buxoro»ga qarshi bellashuvda raqib qoʻpollik ishlatib urgʻan golni VARda ishlaganda inobatga olgandi. «Surxon» bilan bellashuvda VAR hakami Ravshan Abduvohidov 3 tur oldin jamoamiz ishtirokidagi oʻyinda raqibning koʻplab qoʻpolliklarini eʼtiborsiz qoldirgandi. Kecha VAR orqali chiqargan notoʻgʻri qarori «Paxtakor»ni muhim ochkolardan mahrum qildi.
Hakamlar, ularning darajasi, ularning qanchalik vijdonan ishlayotgani hakamlik ishini tahlil qiluvchi va javobgar tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilib, bu borada ochiq bayonot berilishiga chaqiramiz», — deyiladi xabarda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi