«Surxon» klubi safarda «Paxtakor»ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 0:0 hisobida durang o‘ynab, qimmatli ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyin termizliklar bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov matbuot anjumanida qatnashib, savollarga javob berdi.
- Qiyin o‘yin bo‘lishini bilgan edik. Chunki «Paxtakor» juda yaxshi jamoa va niyatlari aniq: chempion bo‘lish. Shunga yarasha biz ham tayyorgarlik ko‘rgandik, bizga ham ochkolar kerak. Tayyorgarlik ko‘rib, bir ochko qo‘lga kiritdik. Futbolchilar katta mehnat qilishdi, ularga rahmat. Astoydil harakat qildilar. Yaxshi o‘yin ko‘rsatdilar. Albatta, bundan-da, yaxshiroq o‘yin ko‘rsatish uchun ishlash va harakat qilish kerak. Termizdan kelgan muxlislarimizga alohida rahmat. Bizni qo‘llab-quvvatlashdi, bu quvonarli holat. Har doim o‘z muxlislarimizni xursand qilish uchun har bir jamoa kurashadi. Bugungi uchrashuvdan so‘ng yaxshi kayfiyatda uylariga qaytishadi, deb o‘ylayman.
- «Surxon» qimmatli ochkoni qo‘lga kiritdi. Umuman, «Surxon» «Paxtakor»ga noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. Birinchi davrada ham, Kubok o‘yinida ham. Bugungi uchrashuvda ham «Surxon» yangilik yaratmasdan birinchi davradagi o‘yinini eslatib yubordi. To‘g‘ri, bugun bir ochko qo‘lga kiritildi, ammo turnir jadvalini inobatga olsak, jamoangiz to‘fon ichidagi qayiqka o‘xshab turibdi.
- Men unday deb o‘ylamayman. Jamoamiz o‘zgargan. Yetarlicha vaziyatlar yaratdik. Albatta, «Paxtakor» katta klub. Ular ham darvozamiz oldida yaxshi imkoniyatlar yaratishdi. O‘tgan uchrashuvlarga nisbatan bugun biz ishonchliroq harakat qildik. Katta ustunlik bo‘ldi, deb ayta olmayman. Oxirgi daqiqagacha ikkala jamoa tomonidan xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Muxlislar maza qilishdi, deb o‘ylayman.
- Futbolchilaringiz ko‘p vaziyatlarda hakamga e’tiroz bildirdi va ko‘p holatlarda bo‘sh hududlar paydo bo‘lib qoldi…
- Hakam bilan gaplashish mumkin emas, degan gap yo‘q. Muloqot bo‘lyapti, lekin u hakamni ishi. Xohlasa to‘xtatadi, xohlasa davom ettiradi. Bu – futbol. Albatta, kimdir norozi, kimdir rozi bo‘ladi. Qaysidir uchrashuvlarda ikkala jamoada ham e’tirozlar bo‘lmaydi. Futbolda buni to‘g‘ri tushunish kerak. Hissiyotlar bo‘ladi. Hamma g‘alaba uchun kurashadi. Bizga ham kerak. Gapirsa gap ko‘p. Biroq futbolchilarga e’tirozim yo‘q. Har bir uchrashuvda nima bo‘lishidan qat’iy nazar borlarini berib harakat qilishyapti. Qaysidir o‘yinda yaqqol ustunlik bilan boy berdik, deb ayta olmayman. Qaerdadir omad kelmayapti. Biz ko‘rsatayotgan o‘yin baribir o‘z mevasini beradi.
- O‘yin oxiridagi vaziyatni qayta ko‘rib chiqdingizmi? Avvaliga golni inobatga oldi, keyin bekor qildi…
- Men sizni «Paxtakor» ishchisi, muxlisi sifatida tushunaman. Men u vaziyatni ko‘rmadim. To‘liq hakamlarga ishonaman. Bu ularni ishi. Hakamlar o‘z ishini, futbolchilar o‘z ishini qilishi kerak. O‘zim uchun Namangandagi vaziyat dars bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bugun ham asabiylik kuzatildi. Har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish va yaxshi o‘yin ko‘rsatish uchun maydonga tushamiz.
- Amerikalik futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ammo u qaydnomada ham yo‘q edi. Futbolchi kelganmi?
- Santyago mashg‘ulotlarda ishlayapti. Bizga kech qo‘shildi. Uni «registratsiya» qilganidan keyin yana chiqib, yana kirishi kerak ekan. Shu bois tashqariga chiqdi va ma’lum vaqt chetda bo‘lib, yana kirdi. Bizga hali to‘liq kirishib ketgani yo‘q. Kecha o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tushdi. Asta-sekin moslashib boradi.
- «Surxon»da moliyaviy muammolar bor, ko‘pgina klublarda ham shu muammo. «Bunyodkor» bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayevni matbuot anjumanlarida doim futbolchilar maosh olmayotgani haqida aytadi. Lekin sizdan hali bu xususida gapirganingizni eshitmadim. Bunday mavzuda gapirishni o‘zingiz xohlamaysizmi?
- Biz o‘z ishimizni qilishimiz kerak. Rahbariyat bor. Bu ishlar bilan shug‘ullanayotgan insonlar bor. Gapirganimiz bilan bir narsa o‘zgardi, deb o‘ylamayman. Biz ishimizga urg‘u berishimiz kerak. Men murabbiy sifatida, futbolchilar esa futbolchi sifatida o‘sishimiz kerak. Natija ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, o‘z ustimizda ishlashimiz kerak. Har birimiz kundan-kunga yaxshiroq bo‘lishimiz lozim. Bizda ham muammolar bor. Buni aniq bilasiz. Bu savolga javob berishni hojati ham yo‘q, deb o‘ylayman. Shunchaki, biz bu narsani ommaviy chiqarmaymiz.
- Tarkibdagi yosh futbolchilar yetakchi klublarga qarshi ham maydonga tushishyapti. Ularga qanday motivatsiya beryapsiz?
- Albatta, har bir futbolchini yanada yaxshiroq bo‘lishi yo‘lida bu to‘g‘ri. Har qanday o‘yinchi yo murabbiy to‘xtab qolsa, futbolda ko‘p bo‘lmaydi. Sen uzoqroq o‘ynamoqchi bo‘lsang, o‘z ustingda har kuni ishlashing va har uchrashuvda buni isbotlashing kerak, deb ularga tushuntiryapmiz. Bizda raqobat bor. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, har bir futbolchiga 100 foiz ishonaman. Ularni nimalarga qodirligini bilaman. Har biri o‘yinchiga imkoniyat berilyapti. Bugungi uchrashuv ham o‘z ifodasini ko‘rsatdi. Futbolchilar o‘z harakati va mehnati bilan durang o‘ynashdi. Ular ham, biz ham yutishimiz mumkin edi», - deya «Surxon» ustozining so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.