Bugun Superligada 19-tur bahslariga start beriladi. 8 ta juftlik o'rtasidagi bellashuvlar 26 avgustga qadar davom ettiriladi. Tabiiyki, markaziy o'yinlar va muxlislar intiqib kutayotgan uchrashuvlar bor.
Muxlislarning mehrini qozongan sobiq futbolchi Shahboz Erkinov Tribuna.uz uchun 19-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholadi.
23 avgust
19:00. «Neftchi» - «Sogdiyona»
- 19-turdagi «Neftchi» - «Sogdiyona» o'yinini turning markaziy uchrashuvi deb hisoblayman. «Dinamo» - «Paxtakor» to'qnashuvi ham yaxshi bo'ladi. Baribir «Neftchi»ni birinchi o'rinda borayotgani, oxirgi uchrashuvda yutqazib qo'ygani, «Sogdiyona»ni ketma-ket 4 ta turda g'alaba qozonib, maksimal ochko jamg'arib borayotgani o'yinga e'tiborni oshiradi. Bu uchrashuvni kuzatish juda qiziq.
«Neftchi»ni fonida «Sogdiyona» qanday ko'rinadi, bu menga ham qiziq. Ko'pchilik fargonaliklarni «Buxoro»ga yirik hisobda mag'lubiyatga uchraganidan keyin ruhiy tomondan oqsayapti deb aytishyapti. Men sira ham bunday deb o'ylamayman. Jamoa o'ziga kelib oladi, bo'z ustiga uyida muxlislari qarshisida o'ynashadi.
«Neftchi»da o'ynayotgan futbolchilarni sifati juda baland. Ular ruhiy tushkunlikka tushib qoladigan yigitlar emas. Ularning tarkibida milliy jamoa futbolchilari bor. «Sogdiyona» juda yaxshi ko'tarilishda. Men uchun ham ushbu to'qnashuvni kuzatish qiziqarli. Baribir «Neftchi»ni imkoniyatini yuqoriroq hisoblayman va jizzaxliklar yaxshi formda bo'lgani bilan menimcha, mezbonlar uyida g'alaba qozonsa kerak.
24 avgust
19:00. «Qo'qon-1912» - «Buxoro»
- O'ylashimcha, bu uchrashuvda durang bo'ladi. Ha, «Buxoro» yuqori o'rinlarda boryapti. Sovrinli o'rinlarga kurashishyapti. Oxirgi turda uyida «Neftchi»ni yutishdi. Qo'qonliklar ham o'z maydonida taslim bo'ladigan jamoalardan emas. Harakat qiladi. O'rnini saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoa bor imkoniyatini ishga soladi. Nazarimda, kuchlar teng keladi.
25 avgust
19:00. «Surxon» - OKMK
- Ikkalasi ham yosh jamoa, yosh futbolchilardan tashkil topgan jamoalar. «Surxon» o'tgan turda «Paxtakor» maydonida durang o'ynab qaytdi va nolga o'ynay olishini ko'rsatdi. Bu to'qnashuvda ham menimcha durang qayd etilsa kerak. Hattoki, OKMKni imkoniyatini biroz yuqoriroq deb o'ylayman.
19:00. «Andijon» - «Xorazm»
- Bu to'qnashuvda «Andijon»ning imkoniyatini yuqoriroq baholayman. Ular uyida har doim muxlislari ko'z o'ngida juda yaxshi o'yin ko'rsatgan. «Xorazm» ham bo'sh kelmasligi aniq. Biroq «Andijon»ning imkoniyatini yuqoriroq hisoblayman.
20:00. «Dinamo» - «Paxtakor»
- Mana bu o'yin juda ham qiziqarli o'tadi. Ikkalasi ham chiroyli, hujumkor, ochiq futbol o'ynaydigan klublar. Ushbu jamoalar o'rtasidagi o'yinni kuzatish juda qiziq bo'ladi. «Paxtakor»ning imkoniyatini yuqoriroq baholayman. Sababi, Vadim Abramovni yoshlikdan bilaman. Hech qachon himoyaviy futbol o'ynamagan. «Paxtakor»da baribir saviyasi yuqoriroq o'yinchilari ko'proq.
26 avgust
19:00. «Lokomotiv» - «Bunyodkor»
- Toshkent derbisi. Bu yerda tajribali jamoa baribir «Lokomotiv». «Bunyodkor» bugungi kunda yosh jamoa. Akademiyasidan chiqayotgan ko'p futbolchilari o'ynayapti. Bu esa «Bunyodkor»ni kelajagi uchun katta poydevor bo'lyapti. Uzog'i 3-4 yilda o'z hosilini beradi. Lekin jamoani bugungi kundagi holatidan kelib chiqsak, imkoniyati pastroq. «Lokomotiv» baribir tajribali jamoa. Ijobiy natijaga «Loko» erishsa kerak.
19:00. «Mash'al» - «Navbahor»
- Ha, «Mash'al» cho'kyapti. Ular oxirgi o'rindan chiqishga harakat qilishyapti. Lekin «Navbahor»ni imkoniyati baland. Chunki namanganliklar sovrinli uchun kurashayotgan jamoa. Shu bois «Mash'al»ga nisbatan «Navbahor»ni imkoniyatini yuqori baholayman.
20:00. «Qizilqum» - «Nasaf»
- «Qizilqum» - «Nasaf» o'yinida eskiatdan har doim, o'zimni amaliyotimdan kelib chiqib ham aytaman, har safar shiddatli o'yin bo'lgan. «Nasaf»ni imkoniyatini balandroq baholayman.